“Lokomotiv” uch nafar futbolchi bilan xayrlashdi 🚂

Bugundan Superliga klublari uchun yozgi transfer oynasi rasman ochildi. 👇

“Lokomotiv”ni transfer oynasining birinchi kunida uch nafar futbolchi tark etdi. Bular – darvozabon Ignatiy Nesterov, himoyachi Davron Hoshimov hamda yarim himoyachi Oybek Qilichev.

Tajribali posbon Ignatiy Nesterov “temiryoʻlchilar” tarkibiga 2014-yil kelib qoʻshilgandi. U dastlabki besh mavsum jamoamiz sharafini himoya qilib uch bor Oʻzbekiston chempioni, uch bor Oʻzbekiston Kubogi sohibi, bir marta Oʻzbekiston Superkubogi sohibi kabi sovrinlarni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, 2016-yil jamoamizning Osiyo chempionlar ligasi chorak finalga qadar borishida munosib hissa qoʻshdi.

Oʻtgan yilning maʼlum bir qismini Saudiya Arabistonining “Ohod” klubida oʻtkazgan Nesterov shundan soʻng yana “Loko”ga qaytib Superliga oxirgi beshta turida “temiryoʻlchilar” darvozasini himoya qildi. Nesterov bu yilgi mavsumni ham “Loko” safida boshladi va jamoa sardori sifatida futbolchilarni maydonga boshlab chiqdi. Lekin yozgi transfer oynasi payti u jamoa almashtirishga qaror qildi va bu niyatini “Lokomotiv” PFK rahbariyati darvozabon xohish-istagidan kelib chiqqan holda qoʻllab-quvvatladi. Natijada har ikki tomon roziligi bilan Ignatiy Nesterov shartnomasi bekor qilinib, mohir darvozabon erkin agent sifatida jamoamizni tark etdi.

Tajribali himoyachi Davron Hoshimov ham “Lokomotiv” bilan xayrlashdi. Bir yarim mavsum klubimiz sharafini himoya qilgan Hoshimov “Loko”ning oʻtgan yil Oʻzbekiston chempionatida kumush medallarni qoʻlga kiritishida munosib hissa qoʻshdi. Shuningdek, yil boshida jamoamizga qoʻshilgan tajribali yarim himoyachi Oybek Qilichev ham “temiryoʻlchilar”ni tark etdi. “Lokomotiv” PFK har uchala futbolchiga klub oldidagi xizmatlari uchun minnatdorchilik bildiradi hamda ularning keyingi faoliyatida omad tilaydi.