“Lokomotiv”ning uzoq yillik massajchisi Aleksandr Voloshin bilan intervyu

“Lokomotiv” massajchisi Aleksandr Voloshin bilan katta intervyu.

– Ilk navbatda karantin davridagi ish siklingiz haqida gapirib bersangiz. Sir emaski, murabbiylar shtabi har bir futbolchi uchun alohida mashgʻulot protsessini ishlab chiqqandi. Karantin davrida uyda nimalar bilan band boʻldingiz?

– Asosiy navbatda eʼtiborni uydagi ishlarga qaratdim. Guldonni yopishtirish, choynakni toʻgʻrilash, kir mashinani tuzatish, rafiqamga yordamlashish. Futbolchilar bilan faoliyatimiz davomida bizning konkret ishlarimiz boʻladi, shunchaki ularning oldiga suv olib kelib turmaymiz. Shu sababli izolyatsiyada qonunga rioya qiluvchi namunali fuqaro boʻlishga harakat qildim. Faqatgina dorixona va doʻkonga chiqdim.

– Massajchining sportdagi roli qanday?

– Sportdagi katta yutuqlar faqatgina jamoaviy tartib-intizomlarga bogʻliq emas. Umuman olganda har bir sport turida tibbiy brigadalar ishlaydi. Masalan, biz ham shunday insonlar toifasiga kiramiz. Massajning roli sportchining jismoniy mashqlardan olgan yuklamalariga bogʻliq boʻladi. Yuqori pulsdagi mashqlarni bajarganda, yaʼni, bir daqiqada 160-180-marta yurak urishi kuzatilganidan keyin organizm oʻzini qayta uygʻotadi va shundan keyin kislotalar ishlab chiqara boshlaydi. Sportchini yana-da yaxshi tayyorlash uchun tibbiy brigada kerak boʻladi, massajchilar esa tanada qolib ketadigan zaharli, toksik moddalarni haydab chiqaradi. Massajchining jamoadagi roli yuqori. Futbolda esa barchasi boʻlishi mumkin. Boʻlib turadi, murabbiylar oʻzgaradi. Shifokorlar guruhi esa murabbiylar almashishi, futbolchilarning sifatidan qatʼi nazar oʻz ishlarini bajarishda davom etishadi.

– Futbolchilarning odatda qaysi tana aʼzosini koʻproq massaj qilish kerak boʻladi?

– Oyoqlar, shuningdek, bel. Yodimda, vafot etgan bir doʻstim Kostya Tuxachev bilan bu borada koʻp gaplashardik. U bilan institut davridanoq tanish boʻlganman. Koʻp bora Kostya bilan sportchini toʻgʻri massaj qilish borasida fikr almashganmiz. Biz koʻp jismoniy yuklama oladigan tana aʼzolarini massaj qilamiz. Futbolchi yoki sportchidagi jismoniy yuklamani yoʻqotish uchun ham massaj qilinadi. Umuman olganda men faqatgina oyoqlar va belni massaj qilish tarafdoriman. Belda asab tolalarining eng koʻp qismi va mushak toʻqimalari oʻrin olgan. Jarohatdan keyingi davrda esa biz futbolchini tiklash bilan shugʻullanamiz. Bunday paytda bizga maxsus dorilar, kremlar kerak boʻladi. Turli xil vaziyatlar boʻlishi mumkin, futbolchining toʻpiq qismini davolasak, u tizzasidan jarohatlanishi mumkin. Bir mavsumda besh marta miya chayqalishi holati ham yuzaga kelgan. Biroq asosiy massaj ishlari oyoqlar, tizza boʻgʻimlari va toʻpiqni davolash uchun ketadi.

– Massaj qilish futbolchilarning ampluasiga ham bogʻliqmi? Masalan, Ignatiy Nesterov bilan Diyor Turopovning massajlari qanday farqlanadi?

– Amplua emas, balki yoshga bogʻliq. Masalan, yosh futbolchilarni 10-15 daqiqa massaj qilish yetarli. Ular tezda tiklanib olishadi. Yoshi katta futbolchilarni esa koʻproq shugʻullantirib, tayyorlash kerak, shuningdek, massaj qilish seansi ham uzoq boʻladi.

Andrey Fyodorov termada oʻynab yurgan vaqtlari men ham u yerda ishlardim. U bilan barcha ishlar reja asosida ketgan, mashgʻulotga bir soat qolganida u bilan massaj ishlari olib borilardi. Axill, toʻpiq, oyoqning barcha qismlari, bel… Qaytaraman, massaj qilish futbolchining yoshiga bogʻliq boʻladi.

– “Lokomotiv”ning qaysi futbolchisi Sizning xizmatlaringizdan koʻproq foydalanadi?

– Bizda bu ish shunchaki qilinmaydi. Hammaning oʻziga xos majburiyatlari bor. Futbolchiga qarab, uning qaysi tana aʼzolarini massaj qilish kerakligini bilib olsa ham boʻladi. Futbolchini tiklash shart. Hech qayerga qocha olmaymiz. Oʻz vaqtida men jismoniy tarbiya oʻqituvchisi boʻlganman. Oʻshanda endi ishga kirganimda menga direktor oʻrinbosari: “Dars vaqtida kimnidir haydab yuborishga haqqing yoʻq, sen ularga hayotining qolgan qismida kerak boʻladigan narsalarni berishing kerak”, – degandi.

Klubda ham shunday. Masalan, biror futbolchi oldimizga keladi va oʻzida qandaydir noqulayliklar borligini aytadi. Rad etishga haqqimiz yoʻq.

– Qiziqarli savol: massaj paytida qitiqdan qoʻrqadigan futbolchilar ham boʻlib turadimi?

– Hali biror marta massaj qilinmagan yosh futbolchilarda shunday boʻlib turadi. Bunday paytlarda ular oyoqlarini bexosdan tortib olishadi. Biroq bu vaqtinchalik holat. Barcha qilingan massaj futbolchining foydasiga xizmat qilishi uchun professional massajchi doimiy ravishda oʻziga xos taktikalar ishlatishi kerak boʻladi. Futbolchini maksimal effektiv ravishda tiklash uchun qilingan protseduralarning foydasi yuqori boʻlishi shart.

– Faoliyatingiz davomida futbolchini tiklash doktorsiz amalga oshirish, yaʼni, faqatgina sizga bogʻliq boʻlib qolgan paytlar boʻlganmi?

– Doktorsiz qanday qilib qaror chiqaraman? Amaliyotimizda avvalo doktor maxsus tashxisni qoʻyadi va takliflar beradi, biz esa shunga qarab ishlaymiz. Masalan, Marat Bikmayev. 2015-yili Qozogʻistonda oʻynab yurgan vaqtida uning tizzasida juda jiddiy jarohat boʻlgandi. Operatsiyadan keyin butun bir yoz davomida uni davolaganmiz. Odatda bunday jarohat bilan futbolchi kamida yarim yil davomida maydonga tushmaydi. Biroq Marat tezda tiklandi va sentyabr oyidayoq Qozogʻistonga qaytib ketdi.

– Ayrimlar oʻyinga bir kun qolganda hech qanday massaj qilish kerak emas deyishadi. Bu qanchalik rost?

– Barchaning oʻziga xos prinsiplari boʻladi. Masalan, Andrey Fyodorov bilan faoliyatim davomida oʻyindan bir kun oldin ham massaj qilamiz, termada ham shunday edi. Davr oʻzgarmoqda, bu esa normal holat. Oldinlari osh qilish uchun avvaliga piyoz qovurgan boʻlsak, hozir esa goʻsht ham qovuramiz. Metodika oʻzgaraveradi, lekin talablar oʻsha-oʻshaligicha qoladi. Natija. Boshqalarga ham qarab koʻradigan boʻlsak, koʻplab Yevropa va rus mutaxassislari oʻyinga 2 kun qolganda massaj kuni qilishadi. Hozirda bu Oʻzbekistonda ham amaliyotdan oʻtkazilmoqda.

– Siz Gurgen Israelyan bilan birga faoliyat olib boryapsiz. Yosh sherik bilan ishlash qanday boʻlmoqda?

– Yaxshi (kuladi). Agarda bir inson 25 futbolchini massaj qila olaman deb kelsa, uni professional deb atash mumkin. Uning yosh ekanligi hech nimani oʻzgartirmaydi.

– Faoliyatingizdagi eng yodda qolarli vaziyat haqida gapirsangiz.

– Faoliyatimning oʻzi yodda qolarli (kuladi). Futboldagi faoliyatim 1995-yili “Traktor”da boshlangan. Oʻshanda 41 yoshli Boris Bakanovni massaj qilardim va oʻshanda unga koʻp gapiraverardim. Oʻshanda u menga: “Nimadir dedingmi? Bu qulogʻim negadir yaxshi eshitmayapti”, degandi. Oʻshanda kiyim almashtirish xonasidagi barcha kulib yuborgandi. “Traktor”da yana bir holat boʻlgandi. Oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarini oʻtash uchun Malayziyaga uchib ketdik, bizni mehmonxonadagilar kutib olishdi, jamoaning katta qismi bir korpusda edi, bir necha nafari boshqasida. Bir marta ularni yoddan chiqarib, oʻyinga ketib qolganmiz.

“Lokomotiv”da esa Farhod Tojiyev bilan shunday qiziq holat boʻlgan. “Doʻstlik” stadionida sinov-nazorat uchrashuvi boʻlayotgandi, darvozaning ortida turib, oʻyinni kuzatayotgandim. Farhod shunday kuchli zarba berdiki, toʻp menga tegdi. U yugurib oldimga kelib, bir necha bora uzr soʻragandi va men: “Yaxshiyam toʻp ekan, gʻisht emas”, deb qoʻygandim. 1993-yil, Azamat Abduraimov bilan massaj payti. Adashmasam bu Respublika dispanserida boʻlgandi. U oradan bir yil oʻtib, Osiyo oʻyinlarida oʻynashi kerak edi. Uning oʻyinlarini, urayotgan gollarini televizorda koʻrib, otamga qoʻngʻiroq qilganman va uni massaj qilganimni aytgandim. Oʻshanda termamizning gʻalabalaridan juda ham xursand boʻlganman.

– Asosiy tarkib futbolchilari sizni juda yaxshi koʻrishadi va sizni “quvnoq, hayotdan zavq olishni biladigan inson” deb aytishadi. Futbolchilar bilan hazillasha olasizmi, yumorlarga kim koʻproq javob beradi?

– Koʻproq bosh murabbiy. Bizda doimiy ravishda pozitiv atmosfera hukmron. Oldinlari Oleg Zoteyev koʻproq hazil gaplar aytib turardi. Tima Abduholiqovda ham yumor qilishning sketch uslubi bor. Diyor Turopov esa oʻziga xos frazani koʻp aytadi: “Ajoyib doʻstim” (kuladi). Pyotr Gizimchuk ham hazilga usta. Uning maxsus soʻzlari bor, shuni aytgan zahoti barcha kulib yuboradi. Erkaklar kollektivida bunday hazillarning boʻlmasligi qiyin. Hazil-mutoyibalarsiz yashash qiyin.

– Murabbiylar shtabi haqida gapirsangiz. Ular bilan ishlash qanday ketmoqda?

– Bosh murabbiy – Fyodorov Andrey Vitalyevich, unga Andrey Gennadyevich Miklyayev yordam beradi. Jismoniy tayyorgarlikka Shaskix Aleksandr Anatolyevich javob beradi. Darvozabonlar bilan Pyotr Petrovich Gizimchuk shugʻullanadi. Murabbiylar shtabi – klubning miyasi hisoblanadi. Har bir klub oʻz ambitsiyalariga yarasha murabbiylarni olib keladi. Faoliyatimda koʻplab murabbiylar shtabida boʻlganman.

– Andrey Fyodorovning muvaffaqiyati siri nimada?

– Bu yerda hech qanday sir yoʻq. U futbolchilik davrida juda kuchli boʻlgan. Termada oʻynab yurgan paytida ham u bilan birga ishlaganman va oʻshandayoq uning futbolga boʻlgan mehrini koʻrganman.

– Endi “Lokomotiv”ning hozirgi oʻyinlari haqida. Jamoa uchun ushbu mavsum oson oʻtmayapti. Restartdan keyin Superligada ketma-ket uchta magʻlubiyat kuzatildi. Shundan keyin jamoa yana kurashga qaytib, ikki oʻyinda gʻalabaga erishdi. Klubdagi inson sifatida jamoaga nima boʻlganini ayta olasizmi?

– Ikki-uch mavsum davomida jamoani 15 nafardan oshiq futbolchi tark etdi. “Paxtakor” esa soʻnggi yillar davomida asosan bir xil tarkibni ushlab turibdi, shu boisdan ularda barchasi oʻxshayapti. Karantin davri ham futbolchilarning tayyorgarligiga putur yetkazdi. Gʻalabalar oldinda, biroq asosiysi – jamoani kuchaytiradigan yosh futbolchilarni topish kerak.

– “Lokomotiv” – bir fraza bilan sifatlang.

– Faqat gʻalaba.

– Oʻzingizning 20 yoshingizga nima degan boʻlardingiz?

– 1980-yilda Moskvada Olimpiada oʻtkazilgandi, undan bir yil oldin SSSR xalqlari Spartakiadasi boʻlib oʻtgandi. Oʻshanda yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston SSR termasiga jalb qilingandim. Tarkiblarni rasmiylashtirishayotganida men 100 yoki 200 metrga yugurishim kerakligini bilgandim. Qayd etishim kerak, men shunday yoʻnalishlardan birida yugurishim aniq edi. Ammo ushbu bayramda qatnasha olmasligimni bilganimda sport bilan xayrlashishimga toʻgʻri kelgandi. 20 yoshligimga shuni aytgan boʻlardim: men uchun faxriy yorliq va sportga muhabbat sababli sogʻligʻimga ziyon keltirish juda qiyin. Sportdagi katta yutuqlar – men uchun emas. Nafaqaga chiqishimga 11 oy qoldi. Bu esa hayotimdagi ilk intervyu (tabassum bilan) va umid qilamanki, bu oxirgisi emas.

– “Lokomotiv” muxlislariga tilaklaringiz?

– Barcha oʻquvchilarga sogʻliq va muvaffaqiyatlar tilayman. Ijtimoiy masofani saqlang va gigiyena qoidalariga rioya qiling.