Bugun futbol. “Lokomotiv” – “Surxon” ⚽️

Bugun Coca Cola Superligasining 8-tur bahslariga start beriladi. “Lokomotiv” oʻz maydonida Termizning “Surxon” klubini qabul qiladi. 👇

✅ Uchrashuv aslida Termizda oʻtkazilishi kerak edi, biroq koronavirus pandemiyasi sababli Toshkentga koʻchirilganidan xabaringiz bor. Musobaqa jadvalida “Lokomotiv” 9 ochko bilan 8-oʻrinda boryapti. Toʻplar nisbati 9-10. “Surxon” esa 4 ochko toʻplagan holda 12-oʻrinni egallab turibdi. “Surxon”da toʻplar nisbati 7-15.

✅ Karantindan soʻng ketma-ket 3ta magʻlubiyat qabul qilib olgan «Loko» oʻtgan turda gʻalabaga erishdi. “Temiryoʻlchilar” uyda “Qizilqum” ustidan 3:0 hisobida zafar quchishdi. Avazbek Oʻlmasaliyev, Kirill Pogrebnyak va Diyor Turopov tomonidan kiritilgan gollar «Loko»ga bu yilgi Superligada uchinchi gʻalabani taqdim etdi. Avvalgi ikkita gʻalaba ham uyda “Andijon” va “Buxoro” ustidan qoʻlga kiritilgandi.

✅ “Surxon” esa aksincha 3-turdan beri gʻalaba qozona olmayapti. Termizliklar bir bor durang oʻynab toʻrtta bellashuvda imkoniyatni boy berishdi. Xususan jamoa oxirgi 3 oʻyinda faqat magʻlub boʻldi. Bu magʻlubiyatlar AGMK, “Qoʻqon-1912” va “Paxtakor” bilan kechgan bahslarda qayd etildi.

✅ Bugungi uchrashuv “Lokomotiv” uchun oʻz maydonidagi 6-oʻyin boʻladi. Avvalgi beshta bahsning uchtasida gʻalaba qozongan “temiryoʻlchilar” ikki marta magʻlub boʻlishgan. “Surxon” esa bugun safarda beshinchi bor maydonga tushadi. Bu jamoa hozircha safarda bir marta yutuqqa erishgan: Navoiyda “Qizilqum” 2:1 hisobida magʻlub etilgan.

P.S. “Lokomotiv” – “Surxon” uchrashuvini soat 19:00dan boshlab “Mahalla” TVda toʻgʻridan toʻgʻri kuzatib boring.