Andrey Fyodorov: “Marat Bikmayev navbatdagi oʻyinga tayyor boʻladi”

Coca Cola Superligasi 7-turi doirasida “Qizilqum” ustidan qozonilgan gʻalabadan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Fyodorov oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

– “Lokomotiv”ning barcha muxlislarini uzoq kutilgan gʻalaba bilan tabriklayman. Ketma-ket uch marta magʻlub boʻlganimizdan keyin haftalik sikl ishlab chiqdik. Mashgʻulotlar davomida jamoaning oʻyini kuchayganligi ham sezilayotgandi. Futbolchilarning ham jismoniy tomonlama, ham kayfiyati yaxshilandi. Umuman olganda koʻplab faktorlar ijobiy tomonga oʻzgardi. Bizga faqatgina gollar bosim berishi mumkin edi. Oʻsha yutqazgan oʻyinlarimizda urilmagan vaziyatlarni qoʻrquv bilan emas, balki, futbolchilarning oʻzlariga boʻlayotgan ishonchsizligiga bogʻlasam boʻladi. Balki bugun ham ayrim vaziyatlarda shunday holatlar yuzaga kelgandir. Futbolchilarga raqib jarima maydonchasi ichida maksimum ishlash kerakligini aytgandim. Birinchi boʻlimda ham shogirdlarim bir necha vaziyatlarni golga aylantira olmagan paytda menda yana oʻsha hissiyotlar paydo boʻla boshlagandi. Raqiblar bir bora toʻsinimizni poylaganida ham futbolchilar oʻzlarini yoʻqotib qoʻyishmadi. Goldan keyin esa biroz xotirjam oʻynashni boshladik, yelkadan togʻ agʻdarilgandek boʻldi. Magʻlubiyatlar futbolchilarning harakatlariga, ayniqsa, toʻp bilan harakat qilishda biroz ishonch baxsh qildi. Jamoa himoyada tartibli harakat qildi. Shu sababli bugungi natijani adolatli deb ayta olaman. Oʻtgan oʻyinlardan keyin qoʻlni koʻtarib taslim boʻlmasdan, ishlashda davom etib, jangda gʻalabaga erishgani uchun futbolchilarga rahmat aytib qolaman.

– Avazbek Oʻlmasaliyevning oʻyinini qanday baholaysiz?

– Bugun u yaxshi oʻynadi. Menimcha u bugungidan ham yaxshi oʻynay oladi, ayniqsa, taktik tomonlama tartibli harakat qilmoqda. U bilan bu borada hali gaplashib olamiz. Avaz talab qilingan oʻyinni bizga koʻrsata oldi deya olaman.

– Birinchi boʻlimda gol urish qiyin boʻlyapti.

– Yoʻq, unchalik emas. Bizda vaziyatlar boʻlmoqda. Faqatgina futbolchilarda ishonch aspekti yetishmayapti. Birinchi golga qadar ham hisobni ochib olish uchun koʻplab imkoniyatlarga ega boʻlgandik. Goldan keyin esa futbolchilarga erkinlik berdim. Chunki oldingi oʻyinlardan koʻra bu bahsda bosim kamroq boʻldi.

– Marat Bikmayevning holati haqida nima deya olasiz?

– U navbatdagi oʻyinga tayyor boʻlishi kerak.