🎤 Oleg Zoteyev: “Koʻp yil legioner boʻlib oʻynashni xohlayman”

Bugun Oleg Zoteyev Janubiy Koreyaning “Chonnam Dragons” klubi bilan shartnoma imzoladi. 👇

👉🏿 Besh yarim mavsumni “Lokomotiv”da oʻtkazgan mohir himoyachi klub bilan iliq xayrlashib, Janubiy Koreyaga yoʻl oldi va endilikda faoliyatini “Chonnam Dragons”da davom ettiradi.

Maʼlumot uchun, ushbu klub Janubiy Koreya K-2 ligasida ishtirok etadi. Futbolchi yangi jamoasi bilan shartnoma imzolagach, “Lokomotiv” PFK matbuot xizmatiga intervyu berdi.

– Oleg, Janubiy Koreya varianti qanday yuzaga keldi?
– Bu variantni agentim Raul topdi. U menga Janubiy Koreya klubidan qiziqish borligini aytgach, faoliyatimni xorijda davom ettirish istagi tugʻildi. Albatta, har bir futbolchi oʻzini chetda sinab koʻrishni xohlaydi. Menda ham shunday imkoniyat yuzagani kelgani uchun foydalanishga qaror qildim.

– Ikki haftalik karantindan soʻng shartnomaga imzo chekdingiz. Shartnoma muddati haqida maʼlumot bersangiz?
– Shartnoma bir yarim yilga moʻljallangan. Imzo chekishdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtdim va shundan soʻng klub bilan kelishuvga erishdim.

– Yangi jamoa bilan tanishishga ulgurdingizmi?
– Shartnoma imzolangach klub va jamoa bilan tanishdim. Yangi jamoam bilan bugun birinchi marta mashgʻulot oʻtkazdim. Hammasi yaxshi oʻtdi. Meni klub va murabbiylar yaxshi kutib olishdi. Bundan juda xursandman.

– 31 yoshda legionerga aylandingiz. Keyingi maqsadlar qanday?
– (Kulib) Yaxshi savol berdingiz. Nasib qilsa 5-iyul kuni 31 yoshga kiraman. Keyingi maqsadim yangi jamoa safida ham oʻzimni koʻrsatish, muxlislar va murabbiylar ishonchini qozonish hamda koʻp yil legioner boʻlib oʻynash.

– Qaysi raqamni oldingiz?
– 33-raqam boʻsh ekan. Shu bois oʻzim sevgan raqamni oldim. Shuni aytishim mumkin, 2013-yildan beri faqat 33-raqamda oʻynab kelyapman.

– “Lokomotiv” muxlislariga tilaklaringiz?
– Avvalambor meni toʻgʻri tushunib ketishimga qarshilik bildirmagan klub rahbariyatiga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. “Lokomotiv”da ajoyib mavsumlarni oʻtkazdim, klubda hamma yaxshi munosabatda boʻlib, bir oiladek boʻlib qolgandik.

Shu oʻrinda “Loko” muxlislariga alohida rahmat. Muxlislar jamoani tinmay qoʻllab turishdi, oʻz navbatida biz ham ular uchun yaxshi oʻyin koʻrsatishga harakat qildik. “Lokomotiv”da faoliyatimning eng yaxshi damlari oʻtdi deb bemalol ayta olaman. Bizda doim ahil kollektiv boʻlgan, koʻplab unutilmas bahslarda yelkama-yelka harakat qildik. Shu bois barchaga rahmat deb qolaman va klubning keyingi faoliyatiga omad tilayman.