🎤 Dilshod Nuraliyev: “Oʻz oʻyinimizni topib olish uchun biroz vaqt kerak”

“Lokomotiv” U-21 jamoamiz bosh murabbiyi Dilshod Nuraliyev kecha oʻtkazilgan “Lokomotiv” – “Soʻgʻdiyona” (Yoshlar birinchiligi) bahsidan soʻng oʻz fikrlarini bildirdi. 👇

– Karatindan keyingi dastlabki ikkita oʻyin boʻyicha xulosangiz?
– Karatindan soʻng jamoamizga birmuncha qiyin boʻlyapti. Asosan yoshlar bilan oʻynayapmiz va birdaniga oʻyinlarga kirishib ketish oson boʻlmayapti. Baribir uch oylik tanaffus katta taʼsir qildi. Ikkita bahsni ham qiyin oʻtkazdik. Yana bir tomondan bizga qarshi oʻynagan jamoalardagi futbolchilarning yoshi ham kattaroq.

Oʻylaymanki, ikki-uchta oʻyindan soʻng futbolchilarimiz oʻz oʻyinlarini topib olishadi. Eng muhimi, jamoamiz futbol oʻynashni biladi. “Soʻgʻdiyona” U-21 bilan kechgan bahsda chiroyli hujum tashkil etib hisobni tenglashtirdik. Meni xursand qilayotgan jihati, jamoa futbol oʻynashga harakat qilyapti, xafa qilayotgan tomoni esa oʻyinlarda gʻolib chiqa olmayapmiz.

– 1:1 hisobidan qoniqdingizmi?
– Albatta, men ham gʻalaba qozonishni xohlayman. Lekin hozirgi paytda biz uchun eng muhimi jamoa oʻyinini bir tekis yoʻlga qoʻyib olish. Mashgʻulotlarda oʻrgatayotganlarimizni hozircha futbolchilar oʻyinga kelganda toʻliq bajara olishmayapti. Baribir hammada oʻzgarish boʻladi, buning uchun koʻp mehnat qilyapmiz.

– Oʻzbekiston U-19 terma jamoasiga nomzod Otabek Turobov haqida fikringiz?
– Otabek yaxshi oʻyin oʻtkazdi. Birinchi taymda chap qanot himoyasida, ikkinchi boʻlimda markaziy himoyachi rolida harakat qildi. Har ikki chiziqda oʻz ishini yaxshi bajarish intildi, gol urdi. Lekin xatolari ham yoʻq emas. Biz esa mana shu xatolarni yoʻqotish ustida ish olib boramiz. Otabek oʻz ustida jiddiy ishlashda davom etsa, nasib qilsa yoshlar terma jamoamizning asosiy tarkib futbolchisi boʻladi.

– “Lokomotiv” U-21 jamoamizning 5ta turda hali gʻalaba qozonmagani qanchalik taʼsir qilyapti?
– Shaxsan menga juda qattiq taʼsir qilyapti. Imkoniyatlar bor, faqat gol urishda muammolar boʻlyapti. Lekin bir tomondan toʻgʻri tushunish kerak, tarkibimizda yoshlar koʻp. Vaqt oʻtgan sari futbolchilarimiz pishib boradi deb oʻylayman.