🎤 Kamron Saydazimov: “Asosiy tarkibda oʼynash uchun hammada imkoniyat bor”

“Lokomotiv” – “Surxon“ oʻrtoqlik uchrashuvidan soʻng ”temiryoʻlchilar” yarim himoyachisi Kamron Saydazimov qisqacha intervyu berdi. 👇

– Ikki oydan oshiqroq davom etgan karantindan keyin ikkinchi sinov-nazorat oʼyinida maydonga tushdik. Bu Superliga 4-turiga tayyorgarlik doirasida soʼnggi oʼyin bo’ldi. “Surxon” – yaxshi shakllangan jamoa. Oʻyin qiyin kechdi, boshida 2ta gol urib oldik. Shundan keyin 10 daqiqacha qiynaldik. Ammo koʼp oʼtmay tizgin yana qoʼlimizga oʼtdi.

– Murabbiy bugun sizni asosiy tarkibga qoʼydi. Hissiyot boshqacha boʼldimi?
– Ha, shunday. Chunki jamoaga kelganimdan beri ilk marta asosiy tarkibda maydonga tushdim. Garchi oʼrtoqlik oʼyini boʼlsa-da, “Lokomotiv” tarkibida oʼynash bosim yuklaydi.

– Karantindan keyin jamoaning holati qanday? 15-iyun kuni birdaniga oʼynab ketish qiyin boʼlmaydimi?
– Toʼgʼri, qiyin boʼladi, lekin mashgʻulotlarda astoydil ishlab tayyor boʻlib olishga harakat qilyapmiz. Chempionat boshlanganda kim qanday holatda ekanligi koʼrinadi. Xudo xohlasa, biz mavsumning davomiga tayyormiz deb oʼylayman.

– Bugungi oʼyin qanchalik ogʼir oʼtdi?
– Ikkita gol urgan boʼlsak-da, raqib bizga yetarlicha qarshilik koʼrsatdi. Chempionlikni maqsad qilib qoʼyganimiz uchun barcha oʼyinlarda yutishga harakat qilyapmiz.

– Oʼz oʼyiningizni qanday baholaysiz?
– Boshida hayajondan chiqib ketish biroz qiyin boʼldi. Ammo jamoaga moslashib ketishimga ishonaman. Bugun oʼz oʼyinimni koʼrsata oldim deb oʼylayman.

– Rasmiy uchrashuvlarda asosiy tarkibga kirish imkoniyati qanday?
– Asosiy tarkibga kirish uchun hammada imkoniyat bor. Jamoamizda yoshning ahamiyati yoʼq. Kim mashgʼulotlarda oʼzini koʼrsatsa, murabbiy unga ishonch bildiradi va asosiy tarkibga qoʻyadi.