🎤 Shuhrat Muhammadiyev: “Yana maydonga qaytganimdan xursandman” 👏

“Lokomotiv” himoyachisi oʻtgan yil “Nasaf” bilan kechgan bahsda ogʻir jarohat olib maydonni tark etgandi. 👇

👉🏿 Kecha oʻtkazilgan “Lokomotiv” – AGMK oʻrtoqlik uchrashuvida Shuhrat Muhammadiyev bir yildan ziyod tanaffusdan soʻng maydonga qaytish bilan birga oʻzi uchun yangi chap qanot himoyasida toʻp tepdi. Klubimiz matbuot xizmatiga bergan intervyusida Muhammadiyev dastlabki taassurotlar haqida toʻxtaldi.

– Bir yildan sal koʻproq vaqt oʻtib yana maydonga qaytdingiz.
– Futbol oʻynashim oʻzim kutgandan ham choʻzilib ketdi. Lekin asosiysi yana yashil maydonga qaytdim va bundan juda xursandman. Kecha AGMK bilan oʻrtoqlik uchrashuvida bir boʻlim harakat qildim. Toʻgʻrisi, ancha payt oʻynamaganim uchun hayajon sezildi.

– Bu oʻyinda bosh murabbiy sizni chap qanot himoyasida sinab koʻrdi.
– Ha, shunday. Endi bu chiziqqa koʻnikmaganim uchun baʼzi vaziyatlarda pozitsion xato qildim. Lekin baribir futbolchi murabbiy aytgan joyda oʻynab oʻzini koʻrsatishga harakat qiladi. Mashgʻulotlarda ham chap qanot himoyasida sinab koʻrishyapti. Tez orada oʻynab ketaman deb umid qilaman.

– Jarohatdan qutilib safga qaytish ancha choʻzilib ketgandek?
– Oʻtgan yil may oyida jarohat olgan boʻlsam, kuzga borib maydonga qaytishimni aytishgandi. Biroq ikki bor operatsiya stoliga yotishga majbur boʻldim. Birinchi operatsiyam yaxshi oʻtmagan ekan, ikkinchi bor yana operatsiya qildirishga toʻgʻri keldi.

– Rasmiy oʻyinlarda ham chap qanotda oʻynashga toʻgʻri kelsa bu siz uchun qiyin boʻladimi?
– Albatta, oson boʻlmaydi. Chunki bungacha toʻrt yil “Mashʼal”da va yana toʻrt yil “Nasaf”da faqat oʻng qanot himoyasida toʻp tepganman. “Lokomotiv”ga kelganimdan beri ham oʻng qanotda oʻynab kelayotgandim. Lekin baribir bosh murabbiyimiz koʻrsatmasiga amal qilishim kerak. Chunki maydonda futbolchi oʻynaydigan joyni murabbiy belgilab beradi.