Abror Pirriyev: “Karantindan keyin birinchi rasmiy oʻyingacha barcha jamoalarga ikki haftalik yigʻin kerak boʻladi”

Hamma qatori “Lokomotiv” futbolchilari ham karantinni oʻz uylarida, oila davrasida oʻtkazishyapti. 🏠

Asosiy jamoamiz shifokori Abror Pirriyev bilan bogʻlanib, futbolchilar holati bilan qiziqdik, qolaversa shu kunlarda eng koʻp muhokama qilinayotgan savolga javob oldik. 👇👇

– Karantin paytida futbolchilar holatidan xabar olib turibsizmi? Ularning sogʻligʻi yaxshimi?
– Albatta, onlayn rejimda har bir futbolchining ahvolidan xabardor boʻlyapmiz. Hozirgi kunda OʻFA va klublar mutasaddilari, murabbiy va shifokorlar – barchamiz futbolchilar bilan aloqadamiz. Jamoamiz oʻyinchilari orasida salomatligi xavotirga soladigan alomatlar yoʻq. Hamma murabbiylar shtabi tomonidan tuzib bergan reja asosida oʻz uyida individual tarzda shugʻullanyapti.

– Tibbiy nuqtai nazardan karantin tugaganidan keyin necha kun oʻtib rasmiy oʻyinlarni boshlagan maʼqul deb oʻylaysiz? Negaki bu savol hozirda koʻpchilikni qiziqtiryapti.
– Bu masalaga biroz jiddiy yondoshuv kerak. Chunki har bir futbolchi uyda har qancha mustaqil shugʻullanmasin, murabbiylar nazoratidagi jismoniy yuklamalar bilan, unutilayozgan oʻyin amaliyoti qirralarini mujassamlashtiruvchi, futbol maydonida olib boriladigan mashgʻulotga barobar boʻlma olmaydi.

Shuning uchun mavsum muddati sharoitidan kelib chiqib to birinchi rasmiy bahsga qadar jamoalar ikki haftalik oʻquv-mashgʻulot yigʻini oʻtkazishlari zarur deb hisoblayman. Nima uchun? Chunki jiddiy yuklamalarga tayyor boʻlmagan mushaklar jarohat olishga moyil boʻlib qoladi va kutilayotgan tigʻiz mavsumga hali tayyor boʻlmagan futbolchi buning oqibatida jarohatlar girdobiga tushib qolishi mumkin.

Jarohatga yoʻliqadigan futbolchilar orasida milliy terma jamoa aʼzolari ham boʻlishi mumkinligini inobatga olib, bu masalada shoshma-shosharlik qilmasdan obdon oʻylab keyin qaror chiqargan maʼqul deb oʻylayman.

– Shu oʻrinda uyda qolayotganlarga tilaklaringiz?
– Karantin davrini koʻchaga chiqmasdan uyda oʻtkazayotganlarga oʻzlari va oilasi sogʻligʻi haqida qaygʻurib bundan keyin ham uyda qolishlarini tilab qolaman. Chunki hozirgi paytda bu juda muhim. Futbolchilarimizga ham avvalo uyda qolishni, murabbiylar tomonidan berilgan reja asosidagi mashgʻulotlarni uy sharoitida qunt bilan bajarishlarini, vaznni nazorat qilib borishni hamda koʻproq kitob mutolaa qilishlarini tilab qolaman.