Karantinga yordam. “Lokomotiv” PFK xayrli ishga qoʻl urdi 🚂👇

Shu kunlarda koronavirus vahimasi hech bir davlatni chetlab oʻtmayapti.

Yurtimizda 16-martdan karantin eʼlon qilingani hamda barcha sport tadbirlari toʻxtatilganidan xabaringiz bor. Bularning barchasi dunyo jamoatchiligi diqqat-markazida boʻlib turgan koronavirusga qarshi samarali kurashish yoʻlida qilinmoqda.

Oʻzbekistonning ketma-ket uch karra chempioni “Lokomotiv” futbolchilari va murabbiylar shtabi shunday sinovli kunlarda xalqimiz dardiga malham boʻlish maqsadida xayrli ishga qoʻl oʻrishdi va oʻz maoshlarining maʼlum qismini karantinda qolayotgan aholi sog’lig’i uchun ajratishga qaror qilishdi.

Jamoamiz aʼzolaridan yigʻilgan pullarga qoʻshimcha tibbiy niqoblar, tibbiy qoʻlqoplar va boshqa kerakli narsalar xarid qilinadi. “Lokomotiv” PFK Oʻzbekiston aholisini shu kunlarda qiynayotgan global muammoga befarq qarab turmaydi va yurtimizdan koronavirus tezroq daf boʻlishi uchun qoʻldan kelgancha oʻz hissasini qoʻshadi.

Shu oʻrinda Superliganing boshqa klublarini ham #karantingayordam xeshtegi orqali oʻziga xos aksiyaga chorlab qolamiz. Zero bu kasallik faqat koronavirusga chalinganlar muammosi emas, balki hammamiz uchun dolzarb masaladir.

Umid qilamizki, hali quvonchli kunlar oldinda. Koronavirusni yoʻqotish faqat Davlat zimmasidagi ish boʻlib qolmasdan bunga qarshi har bir fuqaro kurash olib borishi lozim. Buning uchun sizdan talab qilinadigani uyda qolish va salomatlik gigiyenasiga amal qilishdir.

Koʻchaga chiqmang, uyda qoling va shu orqali koronavirus barham topishida oʻz hissangizni qoʻshing.

“Lokomotiv” PFK matbuot xizmati.

#karantingayordam #vahimasizkarantin #uydaqoling #LPFC