🚂 Shahzod Shaymanov: “Futbolsiz qolish qiyin boʻlar ekan”

Jamoamiz safiga shu mavsum qoʻshilgan Shahzod Shaymanov bugun tugʻilgan kunini nishonlayapti. 🎂

Shu munosabat bilan undan qisqacha intervyu oldik. 👇👇

– Shahzod, avvalo tugʻilgan kun bilan tabriklaymiz! Bayramni nishonlash qanday boʻlyapti?
– Eʼtibor va tabrik uchun rahmat. Tugʻilgan kunni hamma qatori oila davrasida nishonlayapmiz.

– Karantin paytida nimalar bilan bandsiz?
– Bu oʻrinda eng asosiysi uyda qolib karantin qoidalariga amal qilishdir. Men ham shunga amal qilyapman.

– Jismoniy holatni bir maromda ushlab turish uchun nimalar qilyapsiz?
– Jamoamiz murabbiylari tomonidan tuzib berilgan dastur boʻyicha har kungi jismoniy mashqlarni qilib turibman. Imkon qadar oʻz formamni ushlashga harakat qilyapman.

– Futbolni qanchalik sogʻindingiz?
– Toʻgʻrisini aytsam, futbolsiz qolish juda qiyin ekan. Lekin na iloj. Hech kim ilgari bunday holatga tushmagandi. Albatta, sevimli ishingizni sogʻinmay boʻlmaydi. Umid qilamanki, tez orada hammasi ortda qolib yana mashgʻulotlarga qaytamiz.

– Nima deb oʻylaysiz, karantindan keyin yana oʻyin ritmiga tushib olish qiyin boʻladimi?
– Birdaniga moslashib ketish qiyin boʻlishi mumkin, lekin uyda ham mashqlar qilib turganimizni inobatga olib tezroq ritmga moslashib olishga harakat qilamiz.

– Kun boʻyi uyda zerikib qolmaslik uchun qanday tavsiyalarni berasiz?
– Karantin paytida uyda oʻtiraverib zerikib qolmaslik uchun avvalambor qiziqarli kioblar oʻqishni, sport bilan shugʻullanishni, uy ishlariga koʻmaklashishni va qiziqarli teledasturlarni koʻrib borishni maslahat bergan boʻlardim.

– Shu kunlarda kitob oʻqiyapsizmi?
– Ha, kitob oʻqish bilan mashgʻulman. Uchqun Nazarovning “Chayon yili” asarini mutolaa qilyapman.