📆 Tarixda bugun. “Lokomotiv” – “Al Sadd” 5:0

🌏 Besh yil oldin aynan shu kuni “Lokomotiv” oʻz maydonida Qatarning “Al Sadd” klubini qabul qilgandi. 👇

17-mart kuni Dohada boʻlib oʻtgan OCHL guruh bosqichidan oʻrin olgan bahsda “Lokomotiv” “Al Sadd”ga 2:6 hisobida imkoniyatni boy berib qaytgan, shu bois javob oʻyinida vaziyatni oʻnglamasa boʻlmasdi.

“Temiryoʻlchilar” javob bellashuviga jiddiy tayyorgarlik olib borishadi. Esingizda boʻlsa, birinchi oʻyindan keyin jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramovning biroz tobi qochib, kasalxonada davolanib chiqqandi.

Albatta, 2:6 – bu yirik magʻlubiyat, vaziyatni oʻnglash oson boʻlmaydi, lekin imkoniyat ham yoʻq emasdi. 2015-yilning 8-aprel sanasida zoʻr havo boʻldi. Quyosh chiqdi, kun isib ketdi. Shu kuni “Lokomotiv”ni qoʻllash maqsadida koʻpchilik muxlislar tashrif buyurgandi. OAV xodimlari oʻtiradigan tribuna ham toʻlgandi.

OFK mazkur bellashuvni Kim Dong Jin boshchiligidagi koreyalik hakamlar brigadasiga ishonib topshiradi. Soat 16:00da boshlangan bahs ilk daqiqalardan “Loko”ning hujumlari bilan avj oladi. 👇

Uchrashuvning 7-daqiqasiga kelib Marat Bikmayev hisobni ochadi. Oradan yana yetti daqiqa oʻtib Bikmayevning oʻzi hisobni 2:0ga yetkazadi. Birinchi taymda boshqa gol kiritilmaydi va tomonlar 2:0 hisobida tanaffusga yoʻl olishadi.

Murabbiydan kerakli koʻrsatmalarni olgan “Loko” futbolchilari ikkinchi boʻlimda yana hujumga zoʻr berishadi. Buning natijasida ikkinchi taymning 10-daqiqasi oʻtib borayotgan paytda Sanjar Shoahmedov toʻp kiritib oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻyadi – 3:0.

Keyingi ikkita gol zaxiradan tushgan futbolchilar tomonidan urilgandi. Avvaliga Damir Koyashevich 79-daqiqada hisobni 4:0ga yetkazgan boʻlsa, 90+1-daqiqada boshqa bir legioner Ruslan Koryan oʻyinga yakuniy nuqtani qoʻyadi – 5:0.

Afsuski, “Lokomotiv” yirik hisobda zafar quchgani bilan oʻsha yil guruhdan chiqa olmagandi. Chunki jamoa keyingi tur “Al Hilol”ga va oxirgi turda “Fulad”ga imkoniyatni boy bergan.

OCHL. Guruh bosqichi, 4-tur. 08.04.2015

“Lokomotiv” (Oʻzbekiston) – “Al Sadd” (Qatar) 5:0

“Lokomotiv”: 12.Maʼmur Ikromov, 3. Shavkat Mullajonov, 8.Sardor Mirzayev, 10.Marat Bikmayev, 13.Lutfulla Toʻrayev, 16.Jasur Hasanov, 20.Islom Toʻxtaxoʻjayev, 22.Sanjar Shoahmedov, 28.Ikrom Aliboyev, 31.Nemanya Yanichich, 77.Jasur Hasanov.

Zaxiradan tushganlar: 7.Ruslan Koryan, 11.Temurxoʻja Abduxoliqov, 99.Damir Koyashevich.

Gollar: Bikmayev (7, 14), Shoahmedov, 55. Koyashevich,79. Koryan, 90+1.

Bosh hakam: Kim Dong Jin (Janubiy Koreya)