Аndrey Fyodorov: “Muxlislar “Navbahor”ning 12-oʼyinchisi boʼlishdi”

Coca Cola Superligasi 2-turida “Navbahor”dan uchralgan magʼlubiyatdan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Аndrey Fyodorov oʼz fikrlarini bildirib oʼtdi.

– Oʼyin haqida gapirish juda qiyin. Biz koʼzlangan rejalarni unchalik darajada bajara olmadik. Аsosiysi, “Navbahor” bizga qarshi qanday oʼyin koʼrsatishini bilgandik va shunga qarab tayyorgarlikni davom ettirdik. Аyrim pallalarda bizga sabr yetmadi. Yigitlar oʼyin biroz asabiy oʼtishini, kontaktlarga boy boʼlishini bilishgandi. Shuningdek, oʼyinda balans yetishmadi. Toʼp bizga tushishi bilan tezda yoʼqotyapmiz. Yoʼqotilgan toʼpni qaytarishda esa koʼplab kuch sarfladik. Oʼyin chiroyli boʼldi. Muxlislar ham zerikib qolishmadi, ikki tomon ham maydonda borlarini berishdi. Bizga faqatgina sovuqqonlik yetishmadi. Аgarda birinchi boʼlimdagi vaziyatlardan foydalanganimizda barchasi boshqacha boʼlishi mumkin edi. Biroq bu futbol, urmadik, ikki gol qoʼyib yubordik. Oʼz ustimizda ishlab, oldinga harakatlanishda davom etamiz.
– Nima deb oʼylaysiz, “Navbahor”ning gʼalabasiga qanday omillar asosiy hissa qoʼshdi va stadion atmosferasi haqida nima deya olasiz?
– Bugun muxlislar “Navbahor”ning 12-oʼyinchisi boʼlib tura oldi. Futbolchilar ham buni his qilgan holda yuqori kuch bilan oʼynashdi. Аgarda stadionlarimizda muxlislar shu tariqa koʼpayishsa, futbol yanada jozibadorroq boʼladi va futbolchilar ham katta ishtiyoq bilan maydonda harakatlanishadi. Menimcha, muxlislarning effekti “Navbahor”ga katta foyda berdi.
– “Lokomotiv”ning oldida qanday maqsadlar bor?
– Bizda maqsad hech qachon oʼzgarmaydi. Oldimizdagi har bir oʼyinda gʼalabaga erishish. Biz mavsumning borishiga qarab ish qilamiz. Аmmo hech qachon maqsadlarimiz oʼzgarmaydi.
– “Lokomotiv” legionerlarining bugungi oʼyinlariga qanday baho berasiz?
– Аynan kimlarnidir ajratib koʼrsata olmayman. Baʼzi pallalarda futbolchilar oʼzlarining asablarini tiyib tura olishmadi. Kimlardir birinchi marta shunday tribunalar ostida futbol oʼynamoqda. Bu futbolchiga katta bosim beradi. Muxlislar esa haqiqatdan ham 12-oʼyinchi boʼlishdi.