Bolalar futboli boʻyicha yurtimizning koʻzga koʻringan mutaxassislaridan biri Dilshod Nuraliyev “Lokomotiv“ U-21 (oʻrinbosarlar) jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Yoshlarimizning bu yilgi U-21 chempionatidagi oʻyinlari Dilshod Joʻrayevich qoʻl ostida oʻtkaziladi. Futbol muxlislariga yaxshi maʼlum, Dilshod Nuraliyev faoliyati davomida bir qancha futbolchilarni tarbiyalab bergan.
Uning qoʻl ostida Oʻzbekiston U-16 terma jamoasi 2012-yil Eronda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida oltin medallarni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, 2013-yil BAAda tashkil etilgan U-17 jahon chempionatida chorak finalga qadar yetib borgan.
Oʻylaymizki, Nuraliyev qoʻl ostida toʻp tepadigan “Lokomotiv“ tarbiyalanuvchilaridan kelajakda yaxshi futbolchilar yetishib chiqadi. Dilshod Joʻrayevichga murabbiylar shtabida Rifat Akramxoʻjayev (murabbiy), Konstantin Kuznetsov (murabbiy), Anvar Jabborov (darvozabonlar murabbiyi), Rustam Mehmonov (shifokor), Abdurahim Sarimsoqov (massajchi) hamda Bekzod Arslonov (administrator) yordam berishadi.
“Lokomotiv“ U-21 jamoasiga yangi boshlanadigan mavsumda omad va zafarlar tilab qolamiz.