“Lokomotiv“ futbolchisi Davron Umirov “Xoʻjand“ jamoasiga qarshi uchrashuvdan keyin klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
– Bugun yigitlar yaxshi oʻynadi. Bugun oʻzimizga boʻlgan ishonchni qaytarish uchun gʻalaba juda kerak edi va bunga erishdik. “Xoʻjand“ ham yomon jamoa emas ekan. Ularning yigʻilganiga koʻp vaqt boʻlmabdi. Ushbu jamoa ham oʻz oʻyinini topib olishi uchun vaqt kerak boʻladi. Asosiysi bugun bizga gʻalaba kerak edi.
– Jamoa bir necha oʻyinlarda gol kirita olmadi. Futbolchilar bundan tushkunlikka tushdimi?
– Yoʻq, tushkunlikka tushmadik. Shunchaki oʻz oʻyinimizni topa olmay qoldik. Oʻzimizga ishonchni qaytarish uchun gollar kerak edi. Bugun mana gollar bilan gʻalabaga erishdik. Bundan buyogʻiga barchasi yaxshi boʻlib ketadi.
– Oʻz oʻyiningizdan qanchalik qoniqyapsiz?
– Bunisini bilmadim. Murabbiylardan xatolarimizni soʻrab olyapmiz, nazariy mashgʻulotlarda ular barcha kamchiliklarni aytib berishmoqchi. Oʻyinimiz oʻzgarmoqda. Toʻp uzatishlar ham anchagina yaxshi boʻlib qoldi, deb oʻylayman.
– “Lokomotiv“ga kelganingizga koʻp vaqt boʻlmadi. Dastlabki taassurotlar qanday boʻlmoqda?
– Barcha futbolchilar bir-biri bilan ahil va inoq, barcha bir oila. Yoshi katta futbolchilar oʻzlaridan kichkina futbolchilar nimadir soʻraganida oʻzini manmanlikka olmayapti. Toʻgʻri va chiroyli tushuntirib, hurmat bilan gaplashishyapti.
– Mavsum davomida asosiy tarkibda oʻynab ketishingizga qanchalik darajada ishonasiz?
– “Lokomotiv“ning gʻalabalariga yordamimni bermoqchiman. Xudo xohlasa, hech kimni uyaltirib qoʻymayman.
– Ushbu mavsum oldidan oʻz oldingizga qanday maqsadlar qoʻygansiz?
– Birinchi navbatda, jamoaning manfaatlari. Ikkinchi yoki uchinchi oʻrin emas, faqatgina birinchi oʻrin haqida oʻylaymiz. Shu orqali OCHLda yaxshi oʻyinlar koʻrsatib, oldimizga yana-da katta maqsadlar qoʻyib boraveramiz.
– “Lokomotiv“ga ilk kelganingizdan beri kim bilan tezda chiqishib ketdingiz?
– “Lokomotiv“ga kelishimdan oldin koʻplab futbolchilar bilan tanish edim. Barcha jamoadoshlarim bilan chiqishib ketishim uchun bir hafta yetarli boʻldi.