Аndrey Fyodorov: “Lokomotiv”da moliyaviy inqiroz hali hech qachon boʼlmagan va boʼlmaydi ham”

OChL saralashi doirasida “Lokomotiv” – “Istiqlol” uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanida mezbon jamoa bosh murabbiyi Аndrey Fyodorov hamda jamoa posboni Ignatiy Nesterov ishtirok etishdi.
– Mavsumning bunchalik erta boshlanishiga unchalik koʼnikmaganmiz. Mavsumoldi yigʼinlarida uchrashuv uchun qattiq tayyorgarlik koʼrdik. Shu boisdan koʼrilgan tayyorgarlikning mevasini ertaga koʼrsatmoqchimiz. Yigitlar oʼzlarining professionalligini namoyish qilishdi va oʼzlarini koʼrsatishga intilishdi.

Ignatiy Nesterov: – Bu oʼyin men uchun alohida ahamiyatga ega. Birinchi marta bunday oʼyinda qatnashyapman. Uchrashuvda gʼalabaga erishib, guruh bosqichiga yoʼllanma olish vazifasini bajarishga intilamiz. Oʼtkazilgan yigʼinlar davomida uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik koʼrdik.

– Oʼtgan mavsumlar davomida “Lokomotiv” deyarli bir xil oʼyin uslubida oʼynamoqda. Sizda yangi oʼyin uslubi, falsafasi bormi?
– Har doim raqibga qarab oʼynash qiyin boʼladi. Tarkibimizda katta oʼzgarishlar boʼldi. Shu boisdan vaziyatdan chiqib ketish kerak boʼladi. Ertangi oʼyin orqali siz mavsumda qanday rejalar tuzganimizni koʼrib olasiz.

– Raqib haqida nima deya olasiz?
– Raqiblarning “Qoʼqon-1912″ga qarshi oʼyinini tomosha qildik. Biroq raqiblarni oʼrganish uchun koʼp ham imkoniyat boʼlmadi. Menimcha, “Istiqlol”da ham “Lokomotiv” borasidagi maʼlumoti bizdagi kabi kam. “Istiqlol” bir necha bora finallarda oʼynadi. Ushbu oʼyinlarni ham koʼrdik. Raqiblarni iloji boricha chuqur oʼrganishga harakat qildik.

– Sobiq futbolchilarni qaytarish kimning ishi boʼldi? Siz yoki rahbariyat?
– Eski futbolchilarni qaytarish – mening ishim. Ularni ancha vaqtdan buyon bilaman. Ushbu futbolchilarning sifatlari, harakatlari menga yoqadi. Yangi futbolchilarni olib kelish klubning byudjeti va murabbiyning xohishiga bogʼliq boʼladi.

– “Lokomotiv”da moliyaviy inqiroz yoʼqmi?
– Yoʼq. Bizda bunday holat boʼlmagan va boʼlmaydi ham.