Samvel Babayan: “G’alaba osonlikcha qo’lga kiritilmadi”

Superliga doirasida “Andijon” ustidan qozonilgan g’alabadan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Samvel Babayan o’z fikrlarini bildirib o’tdi.

– Bugun sifatli o’yin namoyish qildik. Shuni alohida ta”kidlash kerakki, har doim g’alaba qozonish uchun intiladigan jamoamiz bugun himoya va hujum o’rtasidagi muvozanatni ushlay olishdi. Bu esa yigitlarga kuch berdi va ko’plab vazifalarimiz bajarildi. Ha, o’yin borasida muammolarimiz ko’p. Barcha o’yinlarni biz nazorat qilayotgan bo’lsak-da, vaziyatlardan unumli foydalana olmayapmiz. Ba”zida futbolchilar 5 daqiqaga kontsentratsiyani yo’qotib qo’yishsa, g’alabalar qo’ldan chiqarildi. Bugun esa har bir daqiqada jangga shay turgani uchun yigitlarga minnatdorchilik bildiraman. Garchi shunday havoga qaramasdan ular sifatli o’yin ko’rsata olishdi. Umid qilamanki, yaqin vaqtlarda biz birgalikda qilayotgan mehnatimizning mevalarini totamiz.

– “Andijon” jamoasi atigi bir vaziyatni yaratdi. Bugun jamoangiz oson g’alabaga erishdi deb ayta olasizmi?
– Oson bo’lmadi. Bizning muammoimiz – vaziyatlardan unumli foydalanmaslik. Ochko yo’qotgan uchrashuvlarimizda juda ko’p vaziyatlarga ega bo’lgandik. Biroq undan foydalanish bizga pand beryapti. Yosh hujumchilarimiz har bir bahsda juda qulay imkoniyatlarga ega chiqishmoqda. Biroq ular bundan gol ura olishmayapti. Ha, ularga yana biroz tajriba va mohirlik kerak. Vaqtlar o’tib bu ham keladi. Yigitlarning potentsiali yuqori. Biroq hali ular bilan ishlash kerak. Shunday yaxshi ishlash kerakki, ular har bir vaziyatdan unumli foydalanishsin. Bugun biz bittadan ko’proq gol kiritishga erishdik va jamoaning o’yini biroz yuqoriga qarab o’sgan deb ayta olaman.

– “Andijon”dan qanday o’yin kutgandingiz?
– “Andijon”ni etarlicha o’rganib chiqdik. Jamoaning eng kuchli jihati – tezkor qarshi hujumlar. Jamoaning hujumchilari va qanot yarim himoyachilari anchagina tez o’ynashadi. Bunga misol sifatida Doniyor Ismoilovni keltirishi mumkin. Bu erga kelishdan oldin maydonning sifati biroz yomonroq deb o’ylagandim va shunga yarasha tayyorgarlik qilgandik. Biroq maydon juda yaxshi holatda ekan va o’zimizning chiroyli o’yinimizni ko’rsatishga intildik.