Coca Cola superligasi 20-tur doirasidagi “Qoʻqon-1912” – “Lokomotiv” uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida “Lokomotiv” jamoasi ustozi Samvel Babayan ishtirok etdi.
– Oʻyin haqida batafsil toʻxtalib oʻtmoqchiman. “Lokomotiv” oʻyinida gʻalati holatlar boʻlyapti. Negadir, birinchi boʻlib toʻp bizning darvozamizdan oʻrin olyapti. Futbol shunday shafqatsiz oʻyin ekanligini taʼkidlamoqchiman. Doim ham kuchli jamoa gʻalaba qozonavermaydi. “Soʻgʻdiyona” bilan boʻlgan bahsda ham alamli magʻlubiyatga uchradik.
Bugungi bahsga jiddiy tayyorgarlik koʻrgandik. Qator vaziyatlarni yuzaga keltirdik. Afsuski, navbatdagi uchrashuvda ham durang oʻynadik. Hisobda ortda qolib, hisobni tenglashtirganimiz uchun shogirdlarimga minnatdorchilik bildiraman. Ular bugun maydonda barcha koʻrsatmalarimni toʻgʻri bajarishdi.
Liga kubogidagi oʻyin bilan bugungisini solishtiradigan boʻlsak, oldingi bahsda bunday yirik magʻlubiyatga loyiq emasdik. Qolaversa liga kubogi oʻyinida har ikki jamoa ham boshqacha tarkiblar bilan, yaʼni yetakchilarsiz oʻynagan edi.
Bugungi uchrashuv tamoman boshqacha edi. “Qoʻqon-1912” jamoasida ham kuchli futbolchilar jamlangan. Bekorga ushbu jamoadan turli terma jamoalarga oʻyinchilar taklif etilmayapti. Yosh murabbiyning keyingi faoliyatiga omad tilab qolaman.