Bugun futbol. “Qoʻqon-1912” – “Lokomotiv”

Bugun Coca Cola Superligasining 20-tur bahslariga start beriladi.

Oʻzbekistonning amaldagi chempioni “Lokomotiv” safarda “Qoʻqon-1912” mehmoni boʻladi. Uchrashuv 16:15da start oladi.

“QOʻQON-1912”
Oxirgi turlarni koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazayotgan “Qoʻqon-1912” bugun yana oʻz maydonida oʻynaydi. Bu qoʻqonliklarning qatorasiga toʻrtinchi uy uchrashuvi boʻladi. Shuni aytish lozim, “Qoʻqon-1912” oxirgi paytlarda juda faol oʻyin koʻrsatyapti va Superligada ketma-ket toʻrtta gʻalabaga erishdi.

“Qoʻqon-1912” navbati bilan “Dinamo” (1:0), “Surxon” (2:1), “Nasaf” (1:0) va “Bunyodkor” (3:0) klublarini magʻlub etdi. Oxirgi toʻrtta oʻyindagi toʻplar nisbati 7:1. Albatta, birinchi davrada faqat bir marta yutgan “Qoʻqon-1912” uchun qatorasiga toʻrtta gʻalaba katta natija hisoblanadi.

“LOKOMOTIV”
“Lokomotiv” esa oxirgi toʻrtta uchrashuvdan bittasini gʻalaba bilan yakunlab, uch marta durang oʻynadi. “Temiryoʻlchilar” uyda “Nasaf”ni 1:0 hisobida magʻlub etgan boʻlsa, “Surxon”, “Bunyodkor” va “Metallurg” bilan 1:1 natijasini qayd etishdi. Oxirgi toʻrtta oʻyindagi toʻplar nisbati 4-3.

“Lokomotiv” safarda toʻrtta oʻyindan beri gʻalaba qozona olmayapti: ikki durang va ikki magʻlubiyat. “Loko” oxirgi marta safarda Temurxoʻja Abduxoliqov tomonidan kiritilgan gol evaziga “Nasaf”ni yengib qaytgan. Shunday ekan, bugun “temiryoʻlchilar” uch ochko uchun bor kuch bilan harakat qilishadi.

OʻZARO OʻYINLAR
Har ikki jamoa Oʻzbekiston milliy chempionati doirasida oʻzaro 9 bor kuch sinashib, shundan beshtasida “Loko” gʻalaba qozongan va toʻrt marta durang qayd etilgan. “Qoʻqon-1912” hali “Lokomotiv”ni magʻlub etmagan. Toshkentda kechgan birinchi davra uchrashuvi 2:2 hisobida yakun topgandi.

2018-y. “Qoʻqon-1912” – “Lokomotiv” 1:2
2017-y. “Qoʻqon-1912” – “Lokomotiv” 1:1
2016-y. “Qoʻqon-1912” – “Lokomotiv” 1:3
2015-y. “Qoʻqon-1912” – “Lokomotiv” 2:2

Jamoalar shu paytgacha Qoʻqonda toʻrt marta bahs olib borib, shundan ikkitasida “Lokomotiv”ning qoʻli baland kelgan va ikki bor durang qayd etilgan. Toʻplar nisbati 5-8, “Loko” foydasiga. Oʻtgan yil “Lokomotiv” Qoʻqondan 2:1 hisobidagi gʻalaba bilan qaytgan.