Superliganing 19-turidan oʼrin olgan bahsda “Lokomotiv” oʼz maydonida “Metallurg”ni qabul qilib 1:1 natijasini qayd etdi. Oʼyindan keyin “temiryoʼlchilar” bosh murabbiyi Samvel Babayan oʼz fikrlarini bayon etdi.
– “Lokomotiv” uchun hamma oʼyin qiyin kechyapti. Har bir jamoa bizga qarshi juda jiddiy qarshilik koʼrsatyapti. Bunda albatta oʼzimiz aybdormiz chunki bugun zaxiradagi kuchlar bilan birga raqibni magʼlub eta olmadik. Jamoa birinchi boʼlimda yomon oʼynamadi. Hisobda oldinga chiqib oldik va vaziyat nazoratimiz ostida edi.
Lekin ikkinchi boʼlimda negadir oʼzimizni yoʼqotib qoʼydik. Bundan tashqari terma jamoalarga nomzod olti nafar futbolchimiz turlicha holatda yetib kelishdi. Tanaffus paytida yigitlarga oxirigacha kurashish lozimligini uqtirdik, ammo barchasi biz oʼylagandek boʼlib chiqmadi. Аfsuski, bugungi oʼyinda qimmatli ochkolarni boy berdik. Bu oʼyin bizga dars boʼldi, lekin qoʼlni koʼtarmaymiz va oxirigacha kurashamiz, – deydi Samvel Vyacheslavovich.
– Jamoa ikki hafta rasmiy uchrashuv oʼtkazmasligi bunday oʼyinlarda oʼz taʼsirini koʼrsatadimi?
– Koʼrsatadi, albatta. Futbolchilar terma jamoalarga ketadi, klub qolgan oʼyinchilar bilan mashgʼulotlarni davom ettiradi, tonus oʼzgarib turadi. Аvvalgi turda “Bunyodkor”ga qarshi yaxshi oʼyin namoyish etgandik va balki tanaffus boʼlmaganida bugungi bellashuvda ham oʼzimizni koʼrsata olardik.
– Bugungi oʼyinda sizni eng koʼp xafa qilgan narsa nima?
– Ikkinchi taymda biz kurashlarni yutqazdik. Oʼyin paytida jamoa notoʼgʼri pas berishi yoki darvozaga toʼpni notoʼgʼri yoʼllashi mumkin. Hammasini tushunsa boʼladi, faqat kurashlarda yutqazmaslik kerak. Men qoʼl ostimdagi jamoa birinchi navbatda kurashda yutqazmasligini xohlayman.