Coca Cola Superliganing 19-turi doirasida “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvidan keyin “Metallurg” ustozi Аndrey Shipilov oʼz fikrlarini bildirib oʼtdi.
– Ushbu uchrashuvga tayyorlanish uchun yetarlicha vaqtga ega boʼldik. Biroq tayyorgarlikda hech qanday eʼtiborga moliq jihatlar boʼlmadi. Raqibning kuchini toʼgʼri hisobga oldik. Birinchi boʼlim davomida toʼpni ushlab turish borasida anchagina oqsadik. “Lokomotiv” oʼyinni anchagina faol boshladi. Bunday boʼlishini barcha kutgandi. Biroq bunday maydonda yomon oʼynashning iloji yoʼq. Ha, birinchi boʼlimning oʼzida gʼalati gol qoʼyib yubordik. Tanaffusda yigitlarga hali hech nima yoʼqotilmaganini, barchasi oldinda ekanligini va kurashish kerakligini tushuntirdim. Ikkinchi boʼlimda oʼyinni biz nazorat qilganimizni barcha koʼrdi. Raqibdan koʼra koʼproq vaziyatlarga ega boʼldik. Oʼyinning oxirgi daqiqalarida esa ikki jamoa ham yuqori notadagi oʼyin taklif qilishdi. Bizda ham, ularda ham yaxshi vaziyatlar yuzaga keldi. Namangandagi kabi gol kiritib, 3 ochkoni oʼzimiz bilan olib ketishimiz mumkin edi. Hozir sentyabrь oyi. Har bir ochko suv va havodek juda muhim.
Bekoboddagi oʼyinning birinchi boʼlimida “Lokomotiv” juda yaxshi oʼyin namoyish qilgandi. Jamshid Iskanderov juda ajoyib xatti-harakatlari bilan ajralib turdi. Terma jamoa futbolchilari ham yuqori sifatli oʼyin koʼrsatishdi. Biroq oʼsha kuni ham ikkinchi boʼlimda biz yaxshiroq oʼyin koʼrsatgandik. Hozir esa umuman boshqacha holat. Jamoada murabbiylar shtabi oʼzgardi. Shu boisdan “Lokomotiv” oʼz oʼyin uslubini biroz oʼzgartirdi. Oʼsha kuni “Lokomotiv” juda yorqinroq oʼyin koʼrsatgandek nazarimda. Bugun ham ular munosib turib bera olishdi.
Katta sharoitlarga ega boʼlgan jamoalar maydonda turib qolmasligi kerak. Termadan qaytgan Аrslanmirat Аmanov, Аnzur Ismoilov, Davron Hoshimov, Timurxoʼja Аbduxoliqov kabi futbolchilar ham ajoyib holatda ekanligi koʼrindi.
Bugungi natijadan keyin biz taktik va jismoniy holatimiz yaxshi ekanligini koʼrdim. Murabbiylar shtabining faoliyati mevasi shunday oʼyinlarda koʼrinayotgani juda, juda, juda yoqimli albatta.