Prevyu. “Lokomotiv” – “Metallurg”

Coca Cola Superligasining 19-turidan oʻrin olgan bahsda “Lokomotiv” oʻz maydonida “Metallurg”ni qabul qiladi.

Turnir jadvalida “Lokomotiv” 35 ochko bilan ikkinchi oʻrinni egallab turibdi. “Metallurg” hisobida esa 23 ochko bor va bu jamoa 8-oʻrinda boryapti.

Ikkinchi davrada beshta oʻyin oʻtkazgan “Lokomotiv” ikkitasini gʻalaba bilan yakunlab, ikki bor durang oʻynadi va bir marta yutqazib qoʻydi. “Metallurg” esa uchta bellashuvda zafar quchib, ikki oʻyinda imkoniyatni boy berdi.

Navbatdagi bahs “Loko” uchun oʻz maydonidagi 11-uchrashuv boʻladi. “Temiryoʻlchilar” uydagi 10ta oʻyindan 8tasini gʻalaba bilan yakunlab, ikki bor durang qayd etishgan. Toʻplar nisbati 22-5. “Lokomotiv” oʻz maydonida yutqazmagan ikkita jamoadan biri boʻlib turibdi. Yana biri “Paxtakor”.

“Metallurg” uchun “Loko”ga qarshi bahs safardagi 10-uchrashuv boʻladi. Bekobodliklar safarda shu paytgacha faqat bitta oʻyinda gʻalaba qozonishgan: 15-turda “Nasaf” 2:1 hisobida magʻlub etilgan. “Metallurg” shuningdek 4-martadan durang va magʻlubiyat qayd etgan.

Bilasizmi? “Lokomotiv” oʻz maydonida ketma-ket 4 uchrashuvdan beri faqat gʻalaba qozonib kelyapti: “Surxon” (5:1), “Soʻgʻdiyona” (2:0), “Dinamo” (2:0) va “Nasaf” (1:0). Mana shu toʻrtta uchrashuvda “Loko” raqiblar darvozasiga 10ta toʻp kiritib, oʻz darvozasidan bitta gol oʻtkazib yuborgan.

Fakt: “Metallurg” birinchi davrada safarda gʻalaba qozona olmadi. Bu jamoa ikkinchi davrada “Nasaf”ni magʻlub etganini hisobga olsak, “Loko”ga qarshi ham keskin qarshilik koʻrsatishi kutilyapti.

Eslatma: Bekobodda kechgan birinchi davra uchrashuvida 0:0 hisobi qayd etilgan. Toshkentda boʻlib oʻtgan oxirgi 5 oʻyinda quyidagi natijalar qayd etilgan.

2018-yil. “Lokomotiv” – “Metallurg” 1:0
2017-yil. “Lokomotiv” – “Metallurg” 3:1
2016-yil. “Lokomotiv” – “Metallurg” 4:1
2015-yil. “Lokomotiv” – “Metallurg” 1:1
2014-yil. “Lokomotiv” – “Metallurg” 5:1

Koʻrib turganingizdek, beshta oʻyinning toʻrttasida “Lokomotiv”ning qoʻli baland kelgan. Faqat bir uchrashuv durang natija bilan yakun topgan. “Metallurg” “temiryoʻlchilar” darvozasiga bittadan koʻp toʻp kirita olmagan.

Coca Cola Superligasi. 19-tur
“Lokomotiv” – “Metallurg”
15-sentyabr. “Lokomotiv” stadioni. 18:30

Bosh hakam: Ahrol Risqullayev
Qanot hakamlari: Abduhamidillo Rasulov, Jahongir Saidov.
Zaxira hakami: Abdurashid Xudoyberganov
Nazoratchi: Rashid Aytekov
Komissar: Abbos Ahrorov