Futzal. Bitta durangdan soʻng ketma-ket ikkita gʻalaba

Kecha va bugun futzal boʻyicha Oʻzbekiston chempionatining 7-tur ikkinchi-uchinchi kun uchrashuvlari oʻtkazildi.

Maʼlumki, 7-tur uchrashuvlariga Olmaliq shahri mezbonlik qilmoqda. “Lokomotiv” futzal klubi 7-turni durang bilan boshladi. Futzalchilarimiz “Maksam-Chirchiq” bilan kechgan bahsda 4:4 hisobini qayd etishdi.

Ammo shundan keyin boʻlib oʻtgan ikkita oʻyinda gʻalaba qoʻlga kiritildi. Ahad Yusupov shogirdlari dastlab kecha musobaqaning ikkinchi kun oʻyinida Qarshining “Nasaf” futzal klubi bilan bellashib, 8:3 hisobida zafar quchishdi. Bugun esa “Neftchi” bilan kechgan bahsda 5:2 hisobidagi gʻalaba qoʻlga kiritildi.

Kechagi oʻyinda Sarvar Shoahmedovning dubli hamda Muzaffar Ahadjonov, Abbos Elmurodov, Artur Yunusov, Asomiddin Jaloliddinov, Ruslan Veklich, Murod Rajabov tomonidan kiritilgan gollar jamoamizga uch ochkoni keltirgan boʻlsa, bugungi bellashuvda Sarvar Shoahmedov 3ta toʻp kiritdi. Shuningdek ikkita gol Jamoliddin Sharipov hisobiga yozildi.

Shunday qilib futzalchilarimiz 7-tur oʻyinlarida 7 ochkoni qoʻlga kiritishdi. Endi 8-turga tayyorgarlik boshlanadi.

Futzal. Oʻzbekiston XXIII milliy chempionati

7-tur. Birinchi kun. 19-avgust
“Lokomotiv” – “Maksam-Chirchiq” 4:4

7-tur. Ikkinchi kun. 20-avgust
“Lokomotiv” – “Nasaf” 8:3

7-tur. Uchinchi kun. 21-avgust
“Lokomotiv” – “Neftchi” 5:2