Roʼziqul Berdiev: “Bugungi raqibimiz bizdan ko’ra tajribali edi”

Coca Cola Superliga 17-turi doirasida “Lokomotiv” – “Nasaf” uchrashuvidan keyin “ajdarlar” ustozi Roʼziqul Berdiev oʼz fikrlarini bildirib oʼtdi.

– Bugun tajribali jamoaga munosib qarshilik koʼrsatishga harakat qildik. Biroq baribir tajriba va mahorat oʼz soʼzini aytdi. Bugun biz oʼz uslubimiz doirasida harakat qildik. “Lokomotiv”ga gol urish uchun kamroq imkoniyat yaratishga, ularning boʼsh zonalaridan unumli foydalanishga, ularni toʼpsiz qoldirishga intildik, ammo buni har doim ham eplay olmadik. Chunki “Lokomotiv”ning bir necha futbolchilari erkinroq oʼynashdi. Gol oʼtkazib yuborgan vaziyatimizda futbolchilarim diqqatni biroz yoʼqotishdi va oʼsha vaziyat oʼyin taqdirini hal qildi.

– Jamoangizning oʼyinini qanday baholaysiz?
– “Lokomotiv”dek raqib boʼlganidan keyin oʼyinimizni yuqori baholay olaman.

– “Nasaf” ushbu raqibiga ikkala oʼyinda ham 1:0 hisobida magʼlub boʼldi. Bunga qanday izox bera olasiz?
– Bizga sovuqqonlik yetishmayapti. Qarshida boʼlgan oʼyinni eslasangiz, munosib oʼyin namoyish qilib, koʼplab vaziyatlar yaratgandik. Аmmo oʼzingdan kuchliroq va tajribaliroq boʼlgan jamoaga qarshi oʼyinda albatta gol urmasang, magʼlub boʼlishing aniq. Bugun shunday boʼldi. Uchrashuvlar davomida biz koʼplab vaziyatlar yaratyapmiz, biroq bulardan foydalana olmayapmiz. “Qoʼqon-1912″ga qarshi oʼyinda ham shunday boʼldi.

– Superliga doirasida safarda oʼtgan eng qiyin oʼyin sifatida “Lokomotiv”ga qarshi oʼyinni keltira olasizmi?
– Bu yil ligada kutilmagan natijalar koʼp boʼlmoqda. Koʼp jamoalarning saviyasi tenglashayotgandek. Shuning uchun ham, nafaqat safardagi, balki uydagi oʼyin ham qiyin oʼtmoqda. Gʼalabaga erishish uchun uy yoki safar deb ajratmasdan bor kuchni ishlatish kerak.