Samvel Babayan: “Bunday ob-havoda oʼynash juda qiyin boʼldi”

Superliga 16-turi doirasida “Surxon” – “Lokomotiv” uchrashuvidan keyin “temiryoʼlchilar” bosh murabbiyi Samvel Babayan oʼz fikrlarini bildirib oʼtdi.
– Bir necha kun ichida bir raqib bilan ikki marta, bunday noqulay ob-havoda oʼynash juda qiyin. Yigitlarning bugungi koʼrsatgan oʼyinlaridan mamnunman. Bugun ular gʼalabaga loyiq edilar. Men uchun jamoam har bir oʼyinda mana shunday maksimal ravishda harakat qilishlari juda muhim. Ular kurashishyapti, faqatgina shu orqali gʼalabalar qoʼlga kiritiladi. Bugun esa uch ochkoni qoʼlga kiritishimiz uchun vaziyatlardan foydalansak boʼlgani edi. Bugun oʼyin davomida yigitlarga qattiqroq kurashishlarini taʼkidlab oʼtdim.

Hozirda oson oʼyinlarning oʼzi yoʼq. Raqiblar osonlikcha taslim boʼlishmaydi. Jamoamiz bugun “Lokomotiv” uchun, kollektiv uchun kurashishdi. Shu boisdan ularga yana bir bor rahmat aytib oʼtaman.

Natija borasida aytib oʼtishim mumkinki, muxlislar ham ikki tomon ham bunga rozi boʼlishlari kerak. Sardor Qobuljonov bugun ajoyib oʼyin namoyish qildi. Bizning tarbiyalanuvchimiz, biz futbol yoʼllarini ochgan darvozabon shunday darajaga yetgani bizni quvontiradi.

Bugun “Surxon” muxlislari oʼyin davomida bizga ruhiy bosim berishga harakat qilib turishdi. Bunday oʼyinlar yoddan chiqmaydi. Jamoamizning potentsiali yuqori. Hozirda biz himoyada, tezkor qarshi hujumlarga oʼtishda yoʼlga qoʼyilayotgan xatolarni toʼgʼrilay olamiz. Bunga imkoniyatimiz yetadi. Oldindagi vazifamiz – chiroyli oʼyin koʼrsatish va yaxshi natijalarga erishish.

– Jamoa safar oʼyinlarida gʼalabaga erisha olmayapti. Bunga nima sabab deb oʼylaysiz?
– Vaziyatlardan foydalana olmayapmiz. Safarda magʼlub boʼlayotgan oʼyinlarimizda koʼplab golga tortadigan vaziyatlarga ega boʼlyapmiz. Bulardan foydala olish esa bizning muammomiz boʼlib turibdi. Oʼyin sifati va boshqa jihatlar borasida raqiblardan kam joyimiz yoʼq.

– “Bunyodkor” bilan oradagi farq qisqarib ketayapti. Bunga qanday munosabatdasiz?
– Bu yilgi chempionat qiziqarli oʼtayapti. Koʼplab jamoalarning darajasi deyarli bir xil. Biz oldindagi har bir oʼyinga jiddiy tayyorgarlik koʼrishimiz kerak. Аyniqsa, ruhiy tayyorgarlik hozirda birinchi oʼrinda. Bugun gʼalabaga loyiq edik. Oʼyinning foni shunday demoqda. Natijani unutamiz va keyingi oʼyinga tayyorgarlikni davom ettiramiz.

Yovan Jokich: – Bugun koʼplab imkoniyatlarga ega boʼldik. Biz esa qarshi hujumdan unumli foydalandik. Soʼnggi daqiqalarda magʼlubiyatdan qutulib qolganimiz, magʼlubiyatga uchramaganimiz yaxshi boʼldi. Keyingi oʼyinlarga jiddiy tayyorgarlik koʼrishga harakat qilamiz.

– Bugungi bahs bilan bir necha kun oldingi oʼyinni solishtiradigan boʼlsak, qaysi jihatlar ajralib turdi?
– Kubok oʼyinida gʼalabaga erishganidan keyin “Surxon” oʼziga boʼlgan ishonchni orttirib yuborgandi. Shuning uchun bugungi oʼyin qiyin oʼtishini bilgandik. Endi keyingi oʼyinlarda oʼtgan natijalarni yoddan chiqaramiz.

– Bugun siz markaziy himoyada oʼynadingiz. Bu qiyin boʼlmadimi?
– Himoyachi va yarim himoyachi. Deyarli har doimgidek his qildim. Murabbiy nimanidir talab qilganidan keyin futbolchi ham oʼz professionalligini namoyish qilishi kerak.

– “Lokomotiv” safar oʼyinlarida gʼalabaga erisha olmayotganiga nima sabab deb oʼylaysiz?
– “Lokomotiv”ga qarshi oʼynayotgan barcha raqiblar qarshi hujumlarga tayanmoqda. Ular asosiy vaqtini himoyada oʼtkazishmoqda. Biz koʼp kuch yoʼqotib, gol oʼtkazib yuboryapmiz.