Prevyu. “Surxon” – “Lokomotiv”

10-11-avgust kunlari Superliganing 16-tur bahslari oʻtkaziladi.

Oʻzbekistonning amaldagi chempioni “Lokomotiv” ertaga safarda “Surxon” mehmoni boʻladi. Uchrashuv 18:00da start oladi va “Sport” telekanali orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etiladi. Quyida oʻyinga doir baʼzi maʼlumotlarni keltirib oʻtamiz.

Turnir jadvalidagi holat

– “Surxon” Superliga jadvalida 15ta oʻyindan soʻng 21 ochko bilan 7-oʻrinda boryapti. Jamoa 6-martadan gʻalaba va magʻlubiyat qayd etgan, shuningdek 3-marta durang oʻynagan. Toʻplar nisbati 15-21.

– “Lokomotiv” turnir jadvalida 2-oʻrinni egallab turibdi. “Temiryoʻlchilar” 15 oʻyinda 30 ochko toʻplashgan. “Loko” 9 bor zafar quchib, uch martadan durang va magʻlubiyat qayd etgan. Toʻplar nisbati 26-11.

“Surxon”
– Termizning “Surxon” klubi ertaga oʻz maydonida 9-bahsini oʻtkazadi. Avvalgi 8ta oʻyinning toʻrttasida maydon egalari gʻalaba qozongan. Uchta bellashuv durang bilan yakun topgan va faqat bir oʻyinda “Surxon” magʻlub boʻlgan. Uydagi oʻyinlarda toʻplar nisbati 8-5.
– “Surxon”ning oʻz uyidagi yagona magʻlubiyati 14-turda roʻy berdi. Jamoa “Nasaf” bilan kechgan bahsda 1:3 hisobida yutqazib qoʻydi.
– “Surxon” bu yil faqat safarda “Soʻgʻdiyona” darvozasiga 3ta toʻp kirita oldi. “Bunyodkor” darvozasini ikki bor aniq nishonga olgan. Qolgan oʻyinlarda bittadan koʻp gol ura olmay kelyapti.
– Ikkinchi davraning dastlabki ikki turida bu jamoa oʻz darvozasidan 6ta gol oʻtkazib yubordi: “Nasaf” (1:3) va “Bunyodkor” (0:3).
– “Surxon” qatorasiga uchta turdan beri faqat magʻlub boʻlyapti. Bu jamoa oxirgi marta oʻz uyida “Bunyodkor”ni 2:0 hisobida yengan.
– “Surxon” shu paytgacha Oʻzbekiston chempionatida “Loko” bilan uch marta oʻynab, birortasida gʻalaba qozonmagan.

“Lokomotiv”
– “Lokomotiv” ikkinchi davrani magʻlubiyat bilan boshladi va keyingi turda gʻalabaga erishdi. “Loko” birinchi davrada oʻz maydonida “Surxon”ni 5:1 hisobida magʻlub etgan.
– Bu “Lokomotiv” uchun safardagi yettinchi uchrashuv boʻladi. Jamoa shu paytgacha ikki bor gʻalaba qozonib, bir marta durang oʻynagan va 3ta bellashuvda imkoniyatni boy bergan. Safar bahslarida toʻplar nisbati 5-6.
– “Lokomotiv” safarda ketma-ket ikkinchi oʻyindirki magʻlubiyatga uchradi. Ertaga “temiryoʻlchilar” noxush anʼanaga barham berishga harakat qilishadi.
– “Lokomotiv” chempionat doirasida shu paytgacha Termizda faqat bitta oʻyin oʻtkazgan boʻlib (2004-yil), mazkur bahs 0:0 hisobida yakun topgan.