“Lokomotiv” U-13 va U-15 tayyorlov guruhlari musobaqasini boshladi 👇

Avgust oyi boshida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadigan Respublika tayyorlov guruhlari musobaqasiga start berildi. Maʼlumki, ushbu musobaqada Superliga va Proliga jamoalari qoshidagi futbol maktablari tarbiyalanuvchilari ishtirok etadi.

“Lokomotiv” futbol maktabi ham bunda ikkita yosh toifasida ishtirok etmoqda. U-13 jamoasida 2006-yil tugʻilgan tarbiyalanuvchilarimiz (bosh murabbiy Sunnat Roʻziyev) va U-15 jamoasida 2005-yilda tugʻilgan futbolchilar (bosh murabbiy Saydullo Tursunov) toʻp tepmoqda.

Aslida U-15 jamoasida 2004-yilda tugʻilganlar oʻynashi lozim edi, biroq “Lokomotiv” PFK rahbariyati qaroriga koʻra bir yosh kichiklarni oʻynatish lozim topildi.

U-13 jamoamiz dastlabki turni “Bunyodkor”ga qarshi oʻtkazib, 1:0 hisobida zafar quchdi. U-15 nomidan oʻynayotgan 2005-yilda tugʻilgan tarbiyalanuvchilarimiz ilk turda “Bunyodkor”ning 2004-yilgi futbolchilariga qarshi maydonga tushib, 0:4 hisobida magʻlub boʻlishdi.

2-tur bahslari 6-avgust kuni “Paxtakor” bilan boʻlib oʻtishi kerak edi, biroq bu oʻyinlar boshqa kunga qoldirildi. 3-tur uchrashuvlarini “Loko” tarbiyalanuvchilari 12-avgust kuni uyda “Metallurg”ga qarshi oʻtkazishadi. Har ikkala bahs TTYMI stadionida boʻlib oʻtadi va 9:00 hamda 10:00da boshlanadi.