Samvel Babayan: “Himoyada xatolarimiz bor”

Oʼzbekiston Kubogi 1/8 finali doirasida “Surxon” maydonida uchralgan magʼlubiyatdan keyin “temiryoʼlchilar” bosh murabbiyi Samvel Babayan oʼz fikrlarini bildirib oʼtdi.
– Birinchi navbatda raqiblarni navbatdagi bosqichga chiqqani bilan tabriklayman. Oʼyinga toʼxtaladigan boʼlsam, bugun tashabbus bizning tomonda boʼldi. Аmmo himoyada yoʼlga qoʼyilgan qoʼpol xatolardan keyin oʼyinda ikkinchi raqamli boʼlib koʼringan jamoa gʼalabani qoʼlga kiritdi.

Himoyada xatolarimiz katta ekanligi koʼrinib turibdi. Bu borada ishlashimiz kerak. Himoya va hujumning bogʼlanishi esa muammo boʼlayapti.

Bugun tarkibda oʼzgarishlar qilishga majbur boʼldik. Chap qanot himoyachimiz Oleg Zoteev jarohatlangandi. Uning oʼrnini markaziy himoyachi Islom Toʼxtaxoʼjaev bilan toʼldirdik. Balki xatolarning bir qismi shu jihat bilan bogʼliqdir. Umumiy olganda esa oʼyin sifatimizda kichik pasayishni koʼrdim. Shu boisdan xatolarni koʼrib chiqib, ularni toʼgʼrilash borasida ishlashimiz kerak.

Penalьti? Buni muhokama qilish men uchun juda qiyin. Chunki vaziyat men uchun unchalik koʼrinmadi. Toʼgʼrisini aytsam, bu hozir muhim ham emas. Himoyadagi xatolarimizni taxlil qilish men uchun muhimroq.