“Lokomotiv” yangi futbolchilarni tanishtirdi

Bugun “Lokomotiv” klubi ikkinchi davradan oldidan oʼz tarkibiga qoʼshib olgan futbolchilarni tanishtiruv marosimini oʼtkazdi.

Davralar oraligʼida Oston Oʼrunov, Аriagner Medina Smit, Javohir Esonqulov, Javohir Sohibov, Ibrohim Gʼanixonov, Toxir Rafaelov kabi futbolchilar “Lokomotiv” tarkibiga koʼchib oʼtdi.

Tanishtiruv marosimida klub bosh direktori oʼrinbosari Toʼlabek Аkramov va yangi futbolchilar ishtirok etishdi. Javohir Esonqulov tibbiy koʼrikdan oʼtayotgani sababli matbuot anjumaniga yetib kela olmadi.

Dastlab klubimiz bosh direktori o’rinbosari Toʼlabek Аkramov oʼz fikrlarini bildirdi:

– Jamoamiz odatda yozgi tanaffus vaqtida xorijda yigʼinlarda qatnashardi. Аmmo davralar oraligʼi qisqa boʼlganligi, shuningdek, asosiy futbolchilarimizning koʼpchiligi yanvar oyidan buyon dam olmagani tufayli oʼz qarorgohimizda yigʼin oʼtkazishga qaror qildik.

Yigʼin vaqtida oʼtkazilgan bir necha oʼrtoqlik oʼyinlarida murabbiylar futbolchilarning jismoniy holatiga eʼtibor qaratishdi. Jamoamizni Filipp Rayevats, Аzizbek Haydarov va Husniddin Gʼofurov tark etishdi. Ularning oʼrnini yosh futbolchilar bilan toʼldirishga qaror qildik. Murabbiylar shtabi bilan kelishgan holda biz jamoani yoshartirishga, yaʼni, tajriba va yoshlikni mujassamlashtirishga harakat qildik. Eʼtibor bergan boʼlsangiz, yangi olingan futbolchilarning katta qismi yosh yigitlar. Oston Oʼrunov 2000 yilda tugʼilgan. Uning qanday imkoniyatlarga ega ekanligini barcha koʼrib boʼldi. Shuningdek, yosh va umidli futbolchimiz Toxir Rafaelov 2002 yilda tugʼilgan va u ilk marta professional klub bilan shartnoma imzolamoqda. Ibrohim Gʼanixonov ham endigina 19 yoshga kirdi. Nikaragualik Аriagner Smit Medina 20 yoshga toʼlgan. Bu kabi yoshlar orqali biz jamoaning fundamentini yanada mustahkamlab olishimizga ishonaman. Shuningdek, Javohir Esonqulov, Javohir Sohibov kabi tajribali futbolchilar ham jamoamizning kuchiga kuch qoʼshadi.

Shundan soʼng yangi futbolchilarga “Lokomotiv” klubi liboslari taqdim etildi.

Unga koʼra Oston Oʼrunov – 6, Javohir Sohibov – 15, Medina Smit – 22, Tohir Rafaelov – 40, Ibrohim Gʼanixonov – 18, Javohir Esonqulov – 21 raqamlarida oʼynaydigan boʼlishdi.

Shundan keyin yangi futbolchilarimiz o’zlarining qisqacha fikrlarini bildirib o’tishdi.

Oston Oʼrunov: “Oʼtgan yil qishda ham “Lokomotiv”dan taklif tushgan edi. Аmmo oʼshanda transfer amalga oshmagandi. Shundan keyin “Navbahor”da 6 oy oʼynab, “Lokomotiv”ga oʼtishga qaror qilgandim. “Navbahor”dan ketish qiyin boʼldi. Klub rahbariyati va muxlislariga rahmat aytmoqchiman. Kelajakda oʼsishga erishib Yevropaga ketishni istayman. “Lokomotiv” bu yoʼlda tramplin vazifasini bajara oladigan klublardan biri hisoblanadi“.

Javohir Sohibov: “Ogʼir jarohat olganimdan keyin “Soʼgʼdiyona” safiga borib qoʼshilgandim. Samvel Babayanning taklifi bilan “Lokomotiv”ga keldim. Аgar raqobatdan qoʼrqqanimda futbol oʼynamasdim. “Paxtakor”dan ketishimga raqobat emas, jarohat sabab boʼlgan. “Lokomotiv”da oʼzimni koʼrsatishga va oldingi jismoniy holatimga qaytishga harakat qilaman”.

Ibrohim Gʼanixonov: “Bunga qadar “Paxtakor”da oʼynaganman. Debyutimdan keyin biroz vaqt o’tib jarohat olgandim. Tuzalganimdan keyin menga koʼp ham imkoniyat berilmadi. Samvel Babayanning taklifi bilan “Lokomotiv”ga koʼchib oʼtdim. Bu yerda o’zimni ko’rsatishga harakat qilaman”

Tohir Rafaelov: “Faoliyatimni Yangiyer akademiyasida boshlaganman. Samvel Babayan meni “Lokomotiv”ga taklif qildilar. “Lokomotiv” faoliyatimdagi ilk professional klubim boʼladi. Yangi jamoamdagi futbolchilar bilan tezda chiqishib ketdim. “Lokomotiv”da oʼynash men uchun faxr”

Medina Smit: “Lokomotiv”ni Oʼzbekistondagi eng yaxshi klub deb bilaman. Klubning tizimi, infratuzilmasi futbolchi sifatida oʼsish uchun eng ideal klub hisoblanadi. Hali yoshman, klub uchun borimni berishga harakat qilaman. Samvel Babayan bilan “Spartak” Yurmala klubida birga ishlaganman. Uning uslubi juda yoqadi. Oʼyinchilarga nisbatan munosabati, istagan jihatlarni yetkazib berishi, professionallik kabi hislatlarini doimo hurmat qilaman”.