Samvel Babayan: “Yigitlar professionallikni koʻrsata olishdi”

Superliganing 13-turi doirasida “Lokomotiv” – “Soʻgʻdiyona” (2:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Samvel Babayan oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.
– Debyut oʻyin doim qiyin oʻtgan. Oʻtgan bir hafta davomida oʻyinga tayyorlandik. “Lokomotiv”ning barcha muxlislarini, klubda xizmat qilayotgan barchani gʻalaba tabriklayman. Bugun yaxshi oʻyini bilan professionalligini koʻrsatgan, oʻyindan oldin kelishib olganlarimizni bajargan futbolchilarga, umuman ushbu gʻalabaning tizimida ishtirok etgan barchaga rahmat aytaman.
– Tanaffusda “Lokomotiv” qanchalik darajada oʻzgaradi?
– Bu yerda yaxshi futbolchilar yigʻilgan. Ammo tarkibda raqobat kerak. Futbolchilarning katta qismi termada oʻynaydi. Oʻyinga kelsak, bugun ham biz bir necha sifatlarni oʻzgartira olganimizni koʻrdik.
– Futbolchilar bilan nimalarni kelishib olgandingiz? Ular sizga qanday vaʼda berishgandi?
– Bugun biroz xavo halaqit qildi. Biz toʻpni ushlab turishimiz kerak edi. Agarda yana bir bor

gol kiritganimizda oʻyin osonroq ketardi. 88-daqiqaga kelib, raqib ochildi va biz ham hujumlarni kuchaytirdik. Ishlashda davom etamiz.

Jamshid Iskanderov: – Oʻyin qiyin boʻldi. Havoning biroz issiqligi oʻyinga taʼsir qildi. Yangi bosh murabbiy bilan birinchi oʻyinimizni oʻtkazdik. Samvel Babayanning talablariga koʻnikib olishimiz uchun vaqt kerak. Qoʻlimizdan kelgancha oxirigacha kurashib, gʻalabaga erishdik.
– Siz bugun vingerlik pozitsiyasida oʻynadingiz. Bu sizga noqulaylik tugʻdirmaydimi? Chunki siz asosan markazda oʻynardingiz.
– “Paxtakor”da 2013-yilda vinger boʻlganman. Bu men uchun yangilik emas. Oʻng qanotda ham oʻrtada ham oʻynay olaman. Bu pozitsiyalarda oʻzimni yaxshi his qilaman. Bosh murabbiy meni qaysi nuqtaga qoʻygan taqdirda oʻzimni koʻrsatishga harakat qilaman.