Andrey Fyodorov isteʼfoga chiqarildi

Mavsum oldidan “Lokomotiv” professional futbol klubi har doimgidek oʻzi qatnashadigan barcha musobaqalarda munosib ishtirok etishni maqsad qilgan edi. Lekin ayni paytga kelib jamoa Superligada 12-turdan soʻng 21 ochko bilan 2-oʻrinni egallab turibdi. Kuni kecha jamoa Samarqandda “Dinamo” jamoasiga magʻlub boʻldi va turnir jadvalidagi holatini biroz yomonlashtirib qoʻydi. Shuningdek, Osiyo Chempionlar Ligasidagi ishtirok guruh bosqichidayoq yakunlandi. Holbuki “Lokomotiv” PFK rahbariyati jamoa oldiga birinchi galdagi vazifa etib OCHLda guruhdan chiqishni qoʻygan edi.

Ham ichki, ham xalqaro maydondagi natijalar qoniqarsiz koʻrinish olgani sababli shu paytga qadar “Lokomotiv” jamoasi bosh murabbiyi vazifasida ishlab kelgan Andrey Fyodorov va u bilan faoliyat olib borgan murabbiylar shtabi bugun isteʼfoga chiqarildi.

“Lokomotiv” PFK Andrey Fyodorov, Mirko Yelichich, Petr Gizimchuk, Vazgen Manasyanga klub oldidagi xizmatlari uchun minnatdorchilik bildiradi va ularga kelgusi faoliyatida omad tilaydi.