Arslanmirat Amanov: “Samarqanddan ijobiy natija bilan qaytmoqchimiz”

“Lokomotiv” yarim himoyachisi Arslanmurat Amanov Coca Cola Superligasi 12-turi doirasida “Dinamo”ga qarshi oʻyin oldidan oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

– Oʻzbekiston Superligasi menga juda yoqadi. Bu yerdagilar texnik futbol namoyish qiladi va men buni yuqori baholayman. Mavsum avvalida jamoada yangi futbolchilar koʻp boʻlganligi tufayli jamoaviy oʻyin koʻrsatish biroz qiyin boʻldi va koʻplab ochkolar yoʻqotdik. Ammo oldinda mavsumning katta qismi bor va yoʻqotilgan ochkolarning oʻrnini qoplay olishimiz mumkin. Barchasi oʻz qoʻlimizda.

”Dinamo” juda yaxshi va yosh jamoa. Uyda ham safarda ham birdek kayfiyat, ishtiyoq bilan oʻynaydi. Ammo jamoamizning maqsadlari yuqori. Shu sababli Samarqandda oʻzimizning eng yaxshi, sifatli oʻyinimizni namoyish qilib, ijobiy natija bilan qaytmoqchimiz.