“Lokomotiv” va “DODO Pizza” oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi

Har jabhada professionallik sari intilayotgan Toshkentning “Lokomotiv” klubi bundan buyon dunyoga mashhur boʻlgan Rossiyaning “DODO Pizza” xalqaro pesseriyalar tarmogʻi bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Kuni kecha “Lokomotiv” stadioni matbuot anjumanlari zalida ikki tomon oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda “Lokomotiv” PFK bosh direktor oʻrinbosari Toʻlabek Akramov, jamoamiz sardori Islom Toʻxtaxoʻjayev, “DODO Pizza” xalqaro pesseriyalar tarmogʻi rahbari Rustam Botirovich Yunusov va shuningdek bir qator OAV vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda har ikki tomon vakillari ham ushbu hamkorlikning oʻzaro manfaatli ekanini taʼkidlashdi.

“Lokomotiv” PFK bosh direktor oʻrinbosari Toʻlabek Akramov “DODO Pizza” bilan hamkorlik “Lokomotiv” klubi uchun ham anchagina foydali ekanligini aytib oʻtdi:
– Oʻzingizga maʼlum bu yil “Lokomotiv” klubi oʻz ish faoliyati davomida nafaqat Oʻzbekiston balki Mustaqil davlat hamdoʻstligi davlatlarida ham oʻz oʻrniga ega bir necha katta kompaniyalar bilan oʻzaro hamkorlikka asoslangan shartnomalar tuzishga erishdi. Bu orqali kompaniyalar oʻz maxsuloti va koʻrsatayotgan xizmatlarini yana bir bosqichga olib chiqishga erisha oldi. Xabaringiz bor ayni damga kelib futbol, umuman olganda, sport katta biznes loyihalarga aylanib bormoqda. Yaʼni futbol klublari keyinchalik oʻzini oʻzi boqish, davlat byudjetiga qaram boʻlmasdan faoliyat yuritishiga qarab ketmoqda.

Bugun biz MDH davlatlari va katta Xitoy davlatida ham muvaffaqqiyatli ishlab kelayotgan “DODO Pizza” tarmogʻi bilan shartnoma imzolash arafasida turibmiz. “DODO Pizza” Oʻzbekistonga kirib kelganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Ammo ularning mamlakatimizda hozir olib borayotgan biznes rejalari, tayyorlayotgan mahsulotlari koʻpchilikning maqtoviga sazovor boʻlmoqda. “DODO Pizza” tarmogʻi bilan ushbu tuzilayotgan shartnoma asosan yurtimizda futbolni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, “Lokomotiv” futbol klubi qoshida tashkil etilayotgan futbol akademiyasi infrastrukturasini rivojlantirishga va ushbu futbolchilardan avvalo sogʻlom va komil insonlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi. Ushbu shartnoma imzolanishidan “Lokomotiv” futbol klubi juda ham mamnun va “DODO Pizza” raxbariyati va shaxsan Rustam Botirovichga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Shuningdek, “DODO Pizza” rahbari Rustam Botirovich ham oʻzaro hamkorlikdan mamnun ekanligini bildirdi.
– Xabaringiz bor, “DODO Pizza” ayni damda Markaziy Osiyo hamda Xitoyda 500dan oshiq oʻz xizmat koʻrsatish shaxobchalariga ega. Hozirda barchaga manzur boʻlib kelayotgani bois biz yaqin 2 yil ichida Toshkentdagi savdo koʻrsatadigan nuqtalarimiz sonini 20tagacha, butun Oʻzbekiston boʻylab esa 45taga yetkazishni rejalashtiryapmiz. Bizning ulkan loyihalarimiz bor va biz shu yoʻl orqali ketayapmiz. Oʻz navbatida, “Lokomotiv” klubi bilan hamkorlikdan juda ham mamnunmiz. Jamoa soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning eng sovrindor jamoasiga aylanib bormoqda. Soʻnggi 3 mavsumda chempionlik hech kimga berilmagani gapimning isboti. “Lokomotiv” hali yosh jamoa boʻlishiga qaramasdan, mamlakatimizning yuqori saviyali jamoasiga aylanib boʻldi. Shu boisdan “Lokomotiv” bilan hamkorligimiz ancha vaqt davom etishini istayman.

Tadbir yakunida har ikki tomon oʻzaro hamkorlik xususida memorandum imzolashdi.