Jasur Yaxshiboyev bir gol bilan to‘xtab qolmoqchi emas

Jamoamiz futbolchisi Jasur Yaxshiboyev bilan suhbat o‘tkazdik.

– Xorazmdagi g‘alaba va golingiz bilan tabriklaymiz.
– Og‘ir o‘yin bo‘ldi. Bizga 3 ochko muhim edi. Jamoaga qo‘limdan kelgancha yordam berdim va g‘alabaga erishdik. Gol urmaganimga ancha bo‘lgandi. Buning uchun qattiq harakat qildim. Ilk navbatda jamoaga foydam tegishini istayman. Gol urganimdan xursandman.

– Maydonga tushish oldidan murabbiylarning ko‘rsatmasi qanday bo‘lgandi?
– Bosh murabbiy o‘yinni o‘zimga olishimni, ko‘proq raqibni aldab o‘tishimni aytgandi.

– Chiroylilik borasida golingiz o‘zingizga qanchalik yoqdi?
– Ilk navbatda jamoaga yordamni o‘ylayman. Bu gol raqibning bosimini kamaytirdi. Hisob qaltis edi va vaziyatni yumshatishga yordam berdi. Keyin esa jamoa o‘zini yaxshiroq his qila boshladi. Golning qanday chiroyli bo‘lganini muxlislar baholay qolgani yaxshi.

– Sun’iy maydonda o‘ynash qanchalik qiyin bo‘ldi?
– Sun’iy maydonda o‘ynamaganimga ancha bo‘lgandi, jamoadagi ko‘pchilikda ham shunday bo‘lsa kerak. O‘ynamagandan keyin baribir futbolchiga qiyin bo‘ladi, chunki jarohat olish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi. Shu sababli sun’iy maydonda futbolchilar biroz qo‘rqib o‘ynashadi. Bu maydonda to‘pga moslashish biz uchun qiyin bo‘ldi.

– O‘yindan keyin deyarli 3 yildan keyin Superligada gol urganingiz borasida statistika chiqdi. Bu yangilikni bilarmidingiz?
– O‘shanda “Navbahor”dagi oxirgi o‘yinimni o‘ynagandim. Oradan deyarli 3 yil o‘tdi va mana “Lokomotiv”ga keldim. Endi yanada ko‘proq gollar urib, jamoadoshlarimga foydam tegishini istayman va shunga harakat qilaman.

– Yangi jamoa, yangi muhit – “Lokomotiv” haqida qanday fikrdasiz?
– Jamoa yaxshi, yigitlar ham. Kelishim bilan barcha bilan tezda chiqishib ketdim, ko‘pchilikni taniyman, ular bilan aka-ukadek bo‘lib qoldim. Bu yerda yaxshi jamoa va inoq kollektiv yig‘ilgan.

– Jamoaga moslashib ketish qiyin bo‘lmadimi?
– Umuman qiyin bo‘lmadi. Tarkibning katta qismini yaxshi taniyman. Temurxo‘ja Abduxoliqov, Oleg Zoteyev, Shuhrat Muhammadiyev biz uchun haqiqiy akalar, Suhrob Nurulloyev o‘zimning o‘rtog‘im. Shu sababli jamoadagilar bilan tezda chiqishib ketdim.

– Biror yangi jamoaga borsangiz, moslashib ketish uchun odatda qancha vaqt kerak bo‘ladi?
– Ikki-uch hafta kerak bo‘ladi. Yangi jamoaga borganda, baribir, avvaliga kim bilan qanday gaplashishi kerakligini, kimda xarakter qanday ekanligini bilib bo‘lmaydi. Vaqt o‘tgan sari barcha bilan tanishib boramiz va jamoa bilan bir tan-u bir jon bo‘lamiz.

– “Lokomotiv”ning o‘yin uslubi haqida nima deya olasiz?
– Jamoaning 70 foizi yoshlar. Murabbiy ham ko‘proq chiroyli futbol ko‘rsatishni talab qiladi. Albatta, natija ham juda muhim. Murabbiy bizga to‘p bilan ko‘proq bo‘lishni, paslar uzatishni, chiroyli o‘ynash kerakligini taxlillarda ham aytadi.

– Odatda Siz katta stadionlarda o‘ynagansiz. Bizning ixchamgina “Lokomotiv” stadioni haqida nima deya olasiz?

– To‘g‘risi bu stadion menga yoqadi. Muxlislar juda yaqin, xuddi yonimda turgandek bo‘ladi. Bu yoqimli. Bunday payt atmosfera ham boshqacha bo‘ladi. Menga ko‘proq tribunalari yaqinroq stadionlar yoqadi. Muxlislarning chorlovi ham boshqacha eshitiladi. Yugurish yo‘lakchalari bor, tribunasi uzoq stadionlardan ko‘ra menga ixcham stadionlar ma’qulroq.

– “Lokomotiv”da uzoqroq muddat o‘ynash niyatingiz bormi?
– Barchasini vaqt ko‘rsatadi. Shu yil o‘z jismoniy holatimga qaytishni va keyingi yil jamoaga ko‘proq yordam berishni istayman.