Burhoniddin Sodiqov: “Termada imkoniyat berishsa, murabbiylarning ishonchini oqlashga harakat qilaman”

Futzal jamoamiz a`zosi Burhoniddin Sodiqov klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

– Avvalambor oʻtayotgan mavsum haqida fikrlaringiz.
– Mavsum juda shuddatli va qiziqarli o’tmoqda. Oxirigacha shunday bo’lsin. Hamma jamoalar bir-biridan kuchli. Bu mavsumda yaqqol peshqadam jamoa yo’q. Shuni hisobiga o’yinlar qiziqarli o’tyapti deb o’ylayman. Istalgan jamoa peshqadamlarga jang taklif qilayotgani natijalardan ham bilinib turibdi.

– Legionerli jamoalarga qarshi oʻynash qiyin boʻlmayaptimi?
– Albatta, qiyin bo’ladi. Shaxsan men uchun bu ishtiyoq beradi. Ya`ni, futbolchining rivojlanishi, o’z ustida ishlashi, o’sishi uchun legionerlar ham turtki beradi. Ularga qarshi o’ynash men uchun zavqli. Xorijlik futbolchilardan ko’p narsalarni o’rgansa bo’ladi.

– “Oil-Star”ni magʻlub qildik. Oʻyindan oldin bu gʻalabaga qanchalik ishongandingiz?
– Yodingizda bo’lsa, “Oil-Star”ga qarshi birinchi o’yinimizda yutib turgan joyimizda yutqazgandik. O’shanda o’zimizga yetarli xulosalarni chiqarib oldik va ikkinchi o’yinda o’sha xatolarni takrorlamaslikka harakat qildik. Yakunda g’alabaga erishdik. Ushbu g’alaba yo’lida butun jamoa birgalikda, birdamlikda mehnat qildik. Mavsum oxirigacha shunday bo’lishga harakat qilamiz.

– Adashmasam birinchi marta termaga chaqirildingiz. Bu sizga qanchalik gʻurur bagʻishlamoqda?
– O’zbekiston termasiga chaqirilganimdan xursandman. Bu har bir futzalchining orzusi. Futzal olamiga kirib kelishimdan oldingi ilk niyatim aynan milliy terma jamoada o’ynash bo’lgandi. Menga ham imkoniyat berishsa, murabbiylarning ishonchini astoydil oqlashga harakat qilaman.

– Ushbu mavsumda oʻzingizdan nimalar kutyapsiz?
– O’zimdan kutilmalarim juda ko’p. Eng avvalo yaxshi natijalar, jamoani yuqori o’rinlarga olib chiqishni istayman. Endilikda O’zbekiston terma jamoasiga ko’proq foyda berishni va o’z o’yinim bilan natijalarga yordam berishni kutyapman.