Grigoriy Kolosovskiy: “Kuchli ishtiyoq evaziga g’alabaga erishdik”

Superliganing 24-turi doirasida “Dinamo”ga qarshi o’yindan keyin jamoamiz bosh murabbiyi Grigoriy Kolosovskiy matbuot anjumanida qatnashdi.

– Hayrli kech. Ikkala jamoa uchun qiyin o‘yin bo‘ldi. Yaratilgan vaziyatlarni hisobga olsak, ko‘proq gollar bo‘lishi kerak edi. Bizdagi ishtiyoq raqiblardagidan ko‘proq bo‘ldi va so‘nggi daqiqalarda vabankka borishga majbur bo‘ldik. Asosiysi – g‘alabaga erishdik. Biz aynan ushbu ochkolar uchun kelgandik. Jamoa bilan gaplashamiz, biz har bir o‘yinda so‘nggi daqiqalargacha kurashamiz.

– “Lokomotiv”ning ligada qolishiga imkoniyatlarni qanday baholaysiz?
– Imkoniyatlar bor. Lekin raqiblar darvozasini ochib bermaydi. Shu sababli vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlash kerak. Buning uchun oldindagi ikki o‘yinda g‘alabaga erishib, o‘zimizni erkinroq his qilishimiz kerak. O‘zining munosib tarixiga, bir necha chempionligiga, o‘z qadriyatlariga ega klub jamoasini ligada olib qolish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz.

– Oldinroq turli manbalarda Samvel Babayanning jamoa bosh murabbiyligiga kelgani haqida ma’lumotlar berilgandi. Bugun qaydnomada uni rasmiy shaxs sifatida ko‘rdik. U jamoani boshqaradimi yoki Sizga yordam beradimi?
– Samvel Babayan klub boshqaruviga kelgani rost. U strategiyani tuzadi, taktikalar ham u boshchiligida qo‘yiladi. U jamoani hozirgi holatidan olib chiqish yo‘lida ishlamoqda. Shu sababli Samvel Babayan klub boshqaruvida borligini ayta olishim mumkin.

– Jamoaning bugungi uchrashuvda jonini berib kurashgani haqida nimalar deya olasiz?
– Ha, o‘ylagan hamma narsalarimiz ham amalga oshmadi. Lekin yigitlar har bir to‘p uchun kurashishdi. Barcha joylarda ham ustun bo‘la olishmagan bo‘lishsa-da, kuchli ishtiyoq evaziga g‘alabani ilib ketishdi. Ayrim nuqtalarda funksiyalarni bajara oladigan futbolchilar yetishmayapti. Yigitlar bilan jiddiy suhbatlashdik, ular bugun borini berib kurashishdi. Hammasi istaganimizdek bo‘lmadi, lekin kuchli xarakter ko‘rsata oldik.

– Bugun qaydnomada Sanjar Tursunov ko‘rinmadi. Buning sababi nimada?
– Bu klubning ichki ishi. Bu holatni ko‘rib chiqyapmiz. U jamoa sardori. U bugun biz bilan bo‘lsa, xursand bo‘lgan bo‘lardik.

– Bu o‘yingacha “Lokomotiv”Da ketma-ket 5 mag‘lubiyat bor edi. Jamoaning g‘alaba qozonishi uchun qanday jihatlar yetishmagan deb o‘ylaysiz?
– Keling, oldingi murabbiyni muhokama qilmaylik. Buni noto‘g‘ri deb hisoblayman. Ha, balki o‘tgan o‘yinlarda qilingan xatolarni takrorlamaslikka harakat qilgandirmiz.