Superliga 23-turi doirasida “Nasaf”dan uchralgan mag’lubiyatdan keyin jamoamiz bosh murabbiyi Aleksandr Krestinin fikrlarini bildirdi.
– “Nasaf”ni chempionlik bilan tabriklayman. Bir yarim taym davomida bir kishi kam bo‘lib o‘ynash oson emas, shunga qaramay yigitlar yaxshi harakatlanishdi. Chetlatishga qadar vaziyatlar yaratib turgandik”, – dedi Aleksandr Krestinin.
– “Lokomotiv” ketma-ket beshinchi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradi. Bunga sabab nima?
– Fikringiz to‘g‘ri. Har bir uchrashuvda so‘z bilan tasvirlab bo‘lmas individual xatolarga yo‘l qo‘ymoqdamiz. Individual xatolar tufayli mag‘lubiyatga uchrayapmiz, afsuski.
– Ivan Rogach kutilmaganda qizil kartochka oldi. U hakamga nima degan edi?
– Bir narsani tushunishimiz kerak. Hakamlar hech kim bilan gaplashishmaydi va hakamlarga gapirishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu kitobda yozib qo‘yilgan qoida. Hakam barchasini to‘g‘ri qildi. Himoyachi bunday qilish mumkin emasligini bilmas edimi? Albatta, bundan xabardor edi. Biz intizom uchun jarimalar qo‘llaymiz. Men hech qachon bunday jarimalarga ishim tushadi deb o‘ylamagandi, ochig‘i. Futbolchi o‘z hissiyotlarini jilovlay olishi kerak. O‘z tuyg‘ularini tiya olmaydigan futbolchini, professional deb atash noto‘g‘ri. U 20 yoshlik futbolchi emas, hattoki 20 yoshli futbolchi ham bunday qilishga haqqi yo‘q.