Denis Korostichenko: “Bir bahsga bir necha rejalar bilan kelamiz. Raqibning bunday sharoitda o’yinga kelgani ta`sirini o’tkazdi”

– Ilk navbatda barchani g‘alaba bilan tabriklayman. Barcha futbolchilar bugun yaxshi o‘ynashdi. Birinchi bo‘limda himoyadan chiqishda ishlar biroz o‘xshamadi. Shunday bo‘lsa-da, golni himoyadan chiqqan holda urdik. Ikkinchi bo‘limda esa ishlarni bajarish yaxshiroq bo‘ldi. Tezkor yurishlardan so‘ng bir qancha yaxshi vaziyatlar ham yuzaga keldi. Yanada ko‘proq gol urishimiz mumkin edi. Bu natija va gollar klub uchun ham, muxlislar uchun ham yoqimli bo‘ldi.

– Birinchi bo‘limda uzun paslar bilan ko‘p o‘ynadi, biroq ko‘p braklar bo‘ldi. Yerdan paslar o‘ynash boshlanganidan keyin vaziyatlar ham ko‘paydi va hujumni yakunlash ham osonlashdi.
– Asosan yerdan paslar o‘ynashni istaymiz. Mashg‘ulotlarda ham bu borada ko‘p mehnat qilamiz. Bizning asosiy yo‘nalishimiz – yerdan kichik va o‘rta paslar o‘ynash. Biroq ligada har xil uslubda himoyalanadigan jamoalar bor. O‘yinlarga doimo ikkinchi variant bilan maydonga tushamiz. Ha, agarda raqibning qaysidir hududi ochiq bo‘lsa, uzun pas orqali hujumga chiqish mumkin. Aytganingizdek, birinchi bo‘limda ishlar unchalik o‘xshamadi. Ikkinchi bo‘limda esa kichik va o‘rta paslar orqali o‘yinni nazorat qildik. Yaxshi vaziyatlarimiz ham ko‘proq yuzaga keldi. Raqiblar bahsga qanday himoyaviy o‘yin bilan kelishini bilmaymiz, balki, chuqur himoyalanar, balki, biroz oldinroqda kutib olar. Shu sababli bir qancha variantlar inobatga olib qo‘yiladi. Futbolchilar o‘yinda barcha variantlarni ko‘rib chiqadi va qaysi variantda o‘ynash kerakligini tushunib oladi.

– Raqiblar bosh murabbiyi o‘yinga kelish qiyinchiligini aytdi. Tarkibdagi bir qancha futbolchilar rulda bo‘lganini ta’kidladi. Bu o‘yinga qanchalik ta’sir o‘tkazdi?
– Raqiblarning o‘yinga qanday kelganligini bilmasdim. Bu doimo og‘ir holat bo‘lgan va o‘zining ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Siz rulda bo‘lib, o‘yinga kelyapsizmi, demak, maksimal harakat qila olmaysiz. “Gʻijduvon”ning o‘yinlarini ko‘rgandik. Ular o‘z maydonida boshqa jamoalar bilan yaxshiroq o‘yin namoyish qilgandi. Ikkinchi bo‘limda ularning kuchi tugab qolganini barcha ko‘rdi. Turib qoldi deyish anchagina qo‘pol bo‘ladi, shunchaki harakatlari kamayib ketdi. Bu jismoniy holatga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Jamoa o‘yinga o‘yin kuni kelib, dam olishsiz maydonga tushishi juda og‘ir bo‘ladi. Buni ko‘rdik ham.

– Boyan Naydenov “Lokomotiv” tarkibidagi o‘zining eng yaxshi o‘yinini o‘tkazdi desa bo‘ladimi?
– O‘z maydonimizda o‘tgan so‘nggi o‘yinda ham Boyan borasida savol bo‘lgandi. O‘shanda uning darajasi yuqori ekanligini va shunday bo‘sh hududlarni ochib beraverishsa, o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsataverishini aytgandim. U rostdan ham bugun o‘zining eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Uning potensiali yuqori. Bu uning eng yaxshi darajasi emas, bundan-da yaxshiroq o‘yin ko‘rsata oladi. Uning ijrosidagi yaxshi paslar, harakatlar bo‘ldi. Uning pas berish, ochilish, oldinga o‘ynash madaniyati boshqacha. Bugun chiroyli gol urishi mumkin edi. Jurnalistlar asosan chiroyli vaziyatlarni qidirishadi, yaxshi o‘yin ko‘rsata olmay, gol ursa ham u bugun zo‘r o‘ynadi deyishi mumkin. U bugun rostdan ham chiroyli o‘yin ko‘rsatib berdi. Bu g‘alabada uning katta xizmati ham bor.

– Siz yoshlar murabbiyi sifatida katta murabbiylikka yetib keldingiz. Hozirgi paytda yoshlarning tez yo‘qolib qolayotganining sababini nima deb o‘ylaysiz? Masalan, “Lokomotiv”da ham shunday futbolchilar bor. Ular o‘tgan yili Superligada o‘ynashdi, biroq hozir ular Pro-liga darajasida ham emas ekan.
– Yoshlar bilan ishlashda davom etamiz. Bizga yosh kadrlar juda kerak. Klubda ham yoshlar bilan ishlashda katta harakatlar bor. Boshqa klublarda ham yoshlar bilan variantlari ko‘p. Nega yoshlar hozir o‘smayapti? Muammolari katta? Rivojlanishdagi asosiy muammolardan bittasi, faqatgina klubda emas, uning oilaviy hayotida ham bor. Kechagina klubdagi inson bilan bu borada gaplashgandim. Oldinlari ko‘chada 7-8 soatlab to‘p tepib yurgan bolakay hozir shuncha vaqtini telefonlar, planshetlar, mobil o‘yinlar uchun sarflamoqda. Yo‘q, buni asosiy sabab demayman. Bu ham o‘zining ta’sirini o‘tkazadi. Umuman olganda biz yoshlar bilan ishlashda davom etyapmiz. Hali bizdan ko‘p yoshlar chiqadi. Ushbu mavsumda ham bir qancha yoshlar chiqishiga, debyut qilishiga ishonaman.