Denis Korostichenko: “Qo‘qon-1912″ kuchli jamoa bo‘lsa-da, bu yerga durang emas, g‘alaba uchun kelgandik”

Pro-liganing 6-turi doirasida “Qo‘qon-1912” ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Denis Korostichenko o‘z fikrlarini bildirdi.

– Yigitlarni, klubdagilarni g‘alaba bilan tabriklayman. Og‘ir g‘alaba bo‘ldi. Uzoq yo‘ldan kam sonli bo‘lsa-da, stadionga yetib kelib, bizni qo‘llab turgan muxlislarga katta rahmat aytaman. Yigitlardan g‘alabaga qattiq harakat qilgani uchun minnatdorman. Ular raqibdan bir kishi kam bo‘lsa-da, g‘alabaga erisha olishdi. Undan tashqari murabbiylar shtabi va Mirko Yelichichga ham rahmat. U o‘yinda jamoani mag‘lubiyat yo‘lidan olib chiqib keta oldi, bu uning g‘alabasi, desak ham bo‘ladi. Yigitlar katta hajmli ishni bajarishdi. Birinchi bo‘limda o‘yin biroz o‘xshamadi, o‘zimiz istagan o‘yinni namoyish qilib bera olmadik. Keraksiz xatolar bo‘ldi. Buning sababini bilmayman, o‘yindan keyin uyga borib, ko‘rib chiqamiz. Ikkinchi bo‘limda esa raqibdan bir kishi kam bo‘lib qoldik va bizda faqatgina oldinga o‘tish varianti bor edi. Garchi “Qo‘qon-1912” kuchli jamoa bo‘lsa-da, bu yerga durang emas, g‘alaba uchun kelgandik va shunga yarasha g‘alaba gollarini ura oldik. Raqiblar muxlislariga ham rahmat aytaman. Bosh murabbiylar uchun eng yoqimlisi, raqib muxlislarining qarsak chalishi, maqtashi bo‘lsa kerak. Bu biz murabbiylar tomonidan qadrlanadi. “Qo‘qon-1912” yuragimda qolgan, bu yerda Temur Kapadze bilan birga yarim yil ishlaganman.

– “Lokomotiv” o‘zining kuchli tarkibi bilan ham bu yerda g‘alaba qozonishi qiyin bo‘lgandi. Buni qandaydir la’nat desa bo‘ladimi?
– Ha, “Qo‘qon-1912″ga qarshi o‘ynash biz uchun juda qiyin bo‘lgan. O‘tgan mavsumda Superligada o‘z maydonimizda mag‘lub bo‘lganmiz, bu yerda durang qayd etilgandi. Har yili jangovar o‘yinlar bo‘lgan. Bugungi g‘alaba seriyaga aylanib, uzoqroq davom etishini istardim, albatta. Bu natija o‘zgarishi uchun kurashdik va o‘zgartira oldik. Navbatdagi mavsumda ushbu jamoalar shu yerda Superliga doirasida o‘ynaydi degan umiddaman.

– “Lokomotiv” 10 kishi bo‘lib qolganidan keyin yaxshiroq o‘yin namoyish qildi. Qizil kartochka hujum qilishga motivasiya bo‘ldi, deb hisoblasa bo‘ladimi?
– Shunday bo‘lib qoldi. Tanaffusda barchasini gaplashib oldik. Qizil kartochkadan keyin ikki baravar kuch bilan ishlashimiz kerakligini bildik. Bu ham bir ishtiyoqqa aylandi. Birinchi bo‘limni qanday temp bilan o‘tkazgan bo‘lsak, ikkinchisida undan-da kuchliroq o‘ynashimiz kerakligini tushundik. Ular shunday o‘yin ko‘rsatib, o‘zlarining nimalarga qodirligini namoyish qilib berishdi.

– “Lokomotiv” o‘tgan mavsum “Turon” bilan o‘tish o‘yinida qatnashib, mag‘lub bo‘lgandi. Jamoaning hozirgi o‘yini “Turon” bilan bahsdagidan ko‘ra anchagina yaxshilangani ko‘rinib turibdi.
– O‘tgan mavsum “Turon” bilan bahsda o‘yin bobida pasayish kuzatilgandi. O‘shanda biz uchun og‘ir bo‘lgandi. Uchrashuvgacha bizda ikki haftalik tanaffus yuzaga kelgandi. Chempionat yakunlanib, o‘tish o‘yinigacha nazorat o‘yini uchun raqib topa olmagandik. “Turon” esa bir qancha o‘yinlar o‘tkazgandi. Buni bahona sifatida ko‘rmayman. O‘tgan mavsumda ham jamoamiz anchagina kuchli edi. Bir qancha futbolchilarimiz jamoani tark etishdi. Tarkibga boshqa futbolchilar olib keldik. Bu biz uchun endigina beshinchi o‘yin. Yangi futbolchilar hali o‘zlarini yanada ko‘rsata olishadi. Hali o‘zimizning eng yaxshi o‘yinlarimizni ko‘rsata olamiz, deb o‘ylayman.