“Zomin”ga qarshi o’yindan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Denis Korostichenko o’z fikrlarini bildirdi.
– Barchaga salom. Ilk navbatda barchani, klubdagilar, muxlislarimizni g‘alaba bilan tabriklayman. Ko‘pchilik bo‘lmasa-da, bizni qo‘llab turgan muxlislarga rahmat aytaman. Butun o‘yin davomida ularning ovozini eshitib turdik, bizni oldinga chorlab turishdi. Bu yoqimli bo‘ldi. O‘yin haqida nima deyishim mumkin. Ikkala bo‘limda ham katta tashabbus bilan o‘ynadik. Chempionatning birinchi o‘yini kabi ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Tezkor gol urish uchun shoshildik. Buning uchun vaziyatlar ham bo‘ldi, yaratdik. Birinchi bo‘limda faqatgina bir gol urdik. Tanaffusda yigitlar bilan gaplashib oldik va ularning quvvatga to‘yinib chiqqani ko‘rindi va o‘z vaziyatlaridan foydalanishdi. Aslida yanada ko‘proq gol urishimiz ham mumkin edi. Umuman olganda o‘yin bizniki bo‘ldi, to‘liqligicha nazorat qildik, vaziyatlarimizdan gollar urdik. Raqib jiddiy vaziyatlar yaratgani ham yo‘q. Harakat qildik, raqiblarga qiyin bo‘ldi. “Zomin”dan ko‘ra birmuncha yaxshiroq ko‘rindik.
– “Zomin” jamoasining o‘tgan yilgi kabi “avtobus” bilan o‘ynashini kutganmidingiz?
– Ilk navbatda shuni aytishim kerakki, biz “Zomin”ning faqatgina bir o‘yini videosini topa oldik. Shu sababli ularning qanday o‘yin ko‘rsatishi haqida deyarli tasavvur yo‘q edi. Adashmasam, ular Birinchi ligada faqatgina ikki o‘yin o‘tkazishdi va Kubokda bir o‘yinda qatnashishdi. O‘sha bir o‘yinning videosi ham unchalik sifatli emasdi. Ko‘rgan o‘yinimizda ham ular bugungidek o‘ynashdi, ochiq, hujumkor va xotirjam futbol. Birinchi ligadan “Lokomotiv” maydoniga kelib, Kubokda “avtobus” qo‘yishdan ma’no ko‘rmayapman. Nima sababdan? Ularning oldida maqsad yo‘q, masalan, Kubokni olishni yoki guruhdan chiqishni o‘ylashmaydi. Undan tashqari, ular “Lokomotiv”, “Dinamo” va “Qizilqum” kabi jamoalarning guruhidan o‘rin olishdi. Shu sababli ularda “Lokomotiv”ni mag‘lub etish vazifasi yo‘q edi, deb o‘ylayman. Masalan, ular o‘yinga qanday shart-sharoitda yetib kelishganini ham bilmayman – o‘yindan bir kun oldinmi yoki Zomindan to‘g‘ri o‘yingami… Fikrimcha, ularga “avtobus” ham yordam bermasdi. Yana bir gap, ko‘pchilik murabbiylar o‘yindan oldin “avtobus” qo‘yishni istashmaydi, futbol o‘ynashni, jangovorlik hujumkorlikni xohlashadi.
– Pro-ligada “Dinamo”ga qarshi qiyin o‘yindan keyin “Qo‘qon-1912″ga qarshi yana bir muhim uchrashuv kutib turibdi. Masalan, o‘rtada Kubok o‘yini bo‘lgani jamoaga qanchalik yordam beradi?
– Agarda hozir “Zomin” emas, balki, “Qizilqum” bilan o‘ynaganimizda nima bo‘lardi?! Ikkita muhim o‘yin o‘rtasida 4:0 hisobidagi g‘alaba qanchalik foydali deb so‘rayapsiz. Agar hozir “Qizilqum” bilan o‘ynaganimizda ketma-ket uch qiyin o‘yin bo‘lardi. Bu yerda taqvim muhim o‘rin tutmoqda. Qanday bo‘lsa, shunday jamoalar bilan o‘ynayapmiz. Taqvimda shunday edi: “Dinamo”, keyin Kubok va keyin “Qo‘qon-1912″ga qarshi o‘yin. Umuman olganda normal holat: qattiq qiyinchiliklar ko‘rmayapman. “Qo‘qon-1912″ga qarshi o‘yingacha 4 kunlik dam olish vaqti bor. “Dinamo”ga qarshi qiyin o‘yin o‘tkazdik. Vaziyatlar nuqtai nazaridan o‘sha bahsda ham yutsak bo‘lardi. Kubokdagi o‘yin yigitlarga kuch taqdim qiladi, ijobiy hissiyotlar taqdim qiladi. Hali o‘yinni taxlil qilib chiqamiz, nimalar o‘xshadi-yu, nimalar o‘xshamaganini ko‘rib chiqamiz. “Qo‘qon-1912″ning qanday o‘yin ko‘rsatganini ko‘rib chiqdik ham. U yerda g‘alaba uchun o‘ynashga harakat qilamiz. Ushbu o‘yin bizga yordam berishi kerak.
– Tarkibda rotasiya qilish mumkinmidi? Bugungi o‘yinda “Dinamo” bilan o‘ynagan tarkibning 90 foizi harakat qildi. Yoki bu mavsumdagi o‘yinlar soni kamligi bilan bog‘liqmi?
– O‘yin oldidan bu borada o‘ylagandik. Raqibning qanday o‘yin ko‘rsatishini bilmagandik. Uchrashuv oldidan, bemalol 5:0 yutamiz, ana yoshlarni tushuraveraylik, degan tasavvurimiz bo‘lmadi. Tarkibni to‘liqligicha o‘zgartirib, bugun yuta olmaganimizdachi? Bu Kubokdagi birinchi o‘yin. Ushbu turnir doirasida uyimizdagi yagona o‘yin, 3 ochkoni xavf ostiga qo‘yishni istamadik. Tarkibda o‘zgarish bo‘ldi: hujum chizig‘ida kichik o‘zgarishlar qildik. O‘tgan o‘yinda qizil olgan Manuchexr Safarovning o‘rnini Sanjar Qodirqulov bilan to‘ldirdik. O‘zgarishlar orqali asosiy tarkibning asosina saqlab qolishga harakat qildik. Masalan, Boyan Naydenovga ko‘proq o‘yin amaliyoti kerak. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan futbolchilar 30-35 daqiqa o‘ynashdi. Marat Bikmayev tushdi, uni chiroyli goli bilan tabriklayman. Kelgusi o‘yinlarda ham u ko‘plab gollar urib, jamoaga yordam berishini istab qolardim.