Denis Korostichenko: “Reja qilgan ko‘p ishlarimiz o‘xshadi, faqatgina gol ura olmadik”

Pro liganing 5-turi doirasida “Dinamo”ga qarshi o‘yindan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Denis Korostichenko o‘z fikrlarini bildirdi.
– Barchaga salom. O‘yin haqida nima deyish mumkin. Bu o‘yin hech kimning ko‘nglini qoldirgani yo‘q. Garchi o‘yinda gol urilmagan bo‘lsa-da, ko‘plab vaziyatlar bo‘ldi, ikkala jamoa hujumkor o‘yin namoyish qildi. Umuman olganda teng o‘yin bo‘ldi deyish mumkin. Bunday o‘yinlar doimo qiziq bo‘ladi. Jamoalar hujumga oshiqdi, vaziyatlar yaratishga intilishdi, biz ham ular ham yopilib olmadik. Menimcha, ulardan ko‘ra bizda biroz ko‘proq ustunlik bo‘ldi, to‘pni ko‘proq ushlab turdik, ko‘proq vaziyat yaratdik. Birinchi bo‘limda standartlardan boshqacha uslublarda foydalanishga harakat qildik. Reja qilgan ko‘p ishlarimiz o‘xshadi, faqatgina gol ura olmadik. Yigitlar o‘zini o‘yinga bahsh qila olishdi. Bahsning so‘nggi daqiqalari bosimga boy o‘tdi. So‘nggi daqiqaga qadar barcha kurashdi, o‘ynadi. “Dinamo” ham yomon o‘yin ko‘rsatmadi, ularda ham yaxshi vaziyatlar bo‘ldi. Shu sababli teng o‘yin bo‘ldi deya olaman.

– Yarim himoyachilarning o‘yinidan qoniqdingizmi? Chunki jamoa tezkor hujumga o‘tayotgan paytda yarim himoyachilar ortda qolib ketdi. Shu sababli jamoaning hujumlarida rang-baranglik yetishmadi. Xuddi yarim himoyada chuqurlik paydo bo‘lgandek edi.
– Buni gapirish juda qiyin, balki, raqibning o‘yini bilan bog‘lash ham mumkin. Chunki yarim himoyachiga ham tezkorlik bilan 45-50 metr masofani bosib o‘tish oson emas. Bizning futbol to‘pni nazorat qilishga asoslangan. Shu sababli yarim himoyachilarimiz asosan himoyachilarning yoniga joylashib, hujumga paslar orqali chiqish uchun o‘ynashdi. Hujumga tezkorlik bilan o‘tayotganimizda esa hujumchilar tezlikni oshirmoqchi bo‘lganida ortga pas berishdi. To‘g‘ri, bunday paytda yarim himoyachilarning jismoniy holati yaxshi bo‘lishi va hujumchilarga yaqinroq joylashishi kerak edi. To‘g‘risini aytganda, jiddiy xatolar ko‘rganim yo‘q. Bir-ikki vaziyatda yarim himoyachilarimiz hujumchilarga yordam bera olmagani rost. Yoddan chiqarmaslik kerak, hozir Ramazon oyi. Bir qancha yarim himoyachilarimizdan tashqari, ko‘plab futbolchilarimiz ro‘za tutmoqda. Shu sababli ular ba’zida jismonan vaziyatga ulgura olmayapti, bor kuchini ishlata olmayapti. Balki shunday ko‘rinib qolishi ham mumkin.

– “Aral” va “Xorazm”ga qarshi o‘yinlardan keyin “Lokomotiv” sifatliroq o‘yin namoyish qildi. Bu bugungi raqibning hujumga ko‘proq e’tibor bergani bilan bog‘liqmi yoki himoyaga kamroq e’tibor bergani bilan?
– Ikkisi ham. Gapingiz to‘g‘ri. “Aral” va “Xorazm” singari bugungi raqib yopilib olgani yo‘q. Undan tashqari, biz o‘z maydonimizda o‘ynadik. O‘zimiz ko‘rsatmoqchi bo‘lgan futbol talabiga maydonimiz javob bera oladi. “Dinamo” yopilib olmagani uchun biz ham ko‘proq hujum uyushtirdik, xavfliroq o‘ynashga harakat qildik. “Aral” va “Xorazm” ko‘proq himoyada o‘ynagani uchun kamroq vaziyat yaratdik. “Xorazm” maydoni unchalik sifatli emasdi, balki, keyinchalik yaxshi bo‘lib ketishi mumkindir. Biroq biz juda qiynaldik va og‘ir o‘ynadik. Bugun esa ko‘proq hujum qildik. O‘yin ham yaxshi bo‘ldi. Bizga bir gol yetishmadi

img_8690

– Eshitishim bo‘yicha Boyan Naydenov qishda olgan jarohati sababli jamoadan ketishi mumkin bo‘lgan ekan. Ammo hozir u o‘zining holatini tiklab, yaxshi o‘yin namoyish qilmoqda.
– Boyan borasida bunday suhbat bo‘lgani yo‘q. U bilan shartnoma imzoladik va o‘z hududida qanday o‘yin namoyish qilishini kuzatdik. Uning o‘yinlari bizga yoqdi. Ha, yig‘inda uning jarohat olgani yomon bo‘ldi. Shundan keyin u jamoada qolib, tuzalish-tiklanish reabilitasiyalarini olib bordi. Shoshilmadik, chunki uning imkoniyatlarini yaxshi bilardik. Uni ikki mavsum oldin “Navbahor”dagi o‘yinlari orqali ham ko‘rgandik. Shu sababli uning to‘liq tuzalishini shoshmasdan kutdik. Mana shu kunlarga yetib keldik. Unga baribir eng yaxshi holatiga qaytib olishi uchun bir qancha o‘yinlar kerak. Uning o‘yinlari muxlislarga ham manzur keldi. U yaxshi yuqori darajali, yaxshi sifatli futbolchi.

– So‘nggi daqiqada Manuchexr Safarovning olgan qizil kartochkasi haqida nima deysiz?
– Vaziyatni ko‘rmadim, futbolchimizga ishonamiz. Manuchexr bilan gaplashdik, hech narsa qilmadim, urmadim, deb aytdi. To‘g‘ri, qizishib ketib, yugurib bordi. Videoda o‘sha vaziyatni ko‘rish kerak. Agarda u rostdan urgan bo‘lsa, alohida suhbat olib boramiz, balki, jarimasi ham bo‘ladi. Vaziyatni to‘g‘ri tushunish ham kerak – so‘nggi daqiqa, barcha yutishni istamoqda, shu sababli hamma qizishib ketgan. U yerda faqatgina uning aybi bo‘lgan deb aytish ham qiyin. Raqiblarning 44-raqamli futbolchisining harakatlari unchalik yoqmadi. U provokator sifatida provakasiyani boshladi. O‘sha joyda Marat Bikmayev ham Oleg Zoteyev ham bor edi. Shunda ham u qizishishda davom etdi va provakasiya qildi. Bu yerda intizom ham kerak.

– 2018 yilda Xusniddin Gʻofurov “Lokomotiv”da o‘ynab yurgan paytlarida “Metallurg” maydonida qizil kartochka oldi. Navbatdagi o‘yin “Paxtakor”ga qarshi edi. Muhim o‘yin. O‘shanda “Lokomotiv” klubi o‘yinga 3 kun qolganida qizil kartochkaga appelyasiya bermoqchi bo‘lganida PFL ish 7 kundan 20 kungacha vaqt oralig‘ida ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Shundan keyin klub appelyasiyasini qaytarib oldi. Chunki appelyasiya berilgan taqdirda ham Gʻofurov “Paxtakor”ga qarshi o‘ynay olmasdi. Manuchexr uchun appelyasiya yozilishi mumkinmi?
– Albatta. Vaziyatni ko‘rib chiqib, shu ishni qilishimiz kerak. Biz o‘z futbolchimizni himoya qilishni istaymiz. Agarda u rostdan urmagan bo‘lsa, appelyasiya yozamiz. Hozir ko‘plab qizil kartochkalarni appelyasiya qo‘mitalari bekor qilishmoqda. Bo‘lib turadi. Hakam xato qilgan bo‘lsa, uni to‘g‘rilash kerak. Bu borada PFLda mutaxassislar ishlamoqda. Vaziyat ko‘rib chiqilsa kerak.