Oleg Zoteyev: “Lokomotiv” ushbu yoshlarining nimalarga qodirligini ochib berishi kerak”

2023 yilgi mavsum arafasida “Lokomotiv”ga qaytgan Oleg Zoteyev o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
– “Lokomotiv”ga qaytganimdan xursandman. Klub yangi loyiha tuzmoqchi. Barcha bilib turganidek, jamoada yosh futbolchilar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Balki “Lokomotiv”ning Pro-ligaga tushgani ham yaxshi bo‘lgandir. Chunki ularni o‘stirish, rivojlantirish uchun ushbu liga juda mos. Bu yil Pro-ligani yutib, keyingi yilga boshqa vazifalarni belgilab olish kerak.

Buni bir qadam ortga – ikki qadam oldinga desa ham bo‘ladi. Ammo bu borada oldindan gapirish juda qiyin. Yilning birinchi yarmidan keyin hulosa chiqarish ham mumkin.

– “Lokomotiv”dan ketganingizdagi va hozirgi tarkibni solishtiradigan bo‘lsak, farq juda katta. Tarkibning yosharishi haqida qanday fikrdasiz?
– O‘shanda “Lokomotiv”da deylik 20 futbolchi bo‘lsa, shularning 18 nafari termaga nomzod futbolchilar edi. Hozirgi paytda esa tarkibda ikki-uch nafar yoshi katta futbolchi bor. Qolgan barcha futbolchilar esa yoshlar, tajribasi, o‘yin amaliyoti kam, katta o‘yinlarni ko‘rishmagan. Masalan, agarda jamoa Superligada qolganida ushbu yoshlarga imkoniyat kamroq berilardi. Pro-liga orqali “Lokomotiv” ushb yoshlarining nimalarga qodirligini ochib bera olishi kerak. Pro-ligada bosim unchalik katta emas, bemalol o‘ynasa bo‘ladi. Albatta, barchasi ularning o‘zlariga bog‘liq. Biz yordamni ayamaymiz, doim qo‘llab-quvvatlaymiz. Agarda futbolchilar o‘z mahoratini ko‘rsata olsa, keyingi yil balki, Superligada ham asosiy tarkiblarda ko‘proq o‘yinga tushishi mumkin. Agarda Pro-ligada bosim his qilsa, o‘yinini ko‘rsata olmasa, o‘sha futbolchilar tarkibda qolmaydi.

– Antaliya yig‘inlaridan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
– Juda yaxshi yig‘in bo‘lyapti. Ko‘p yillardan buyon bunday yig‘inlarda qatnashaman. Xatto Superliganing bir qancha klublarida ham bunday yig‘in bo‘lmasa kerak. Yashash sharoitlari, mashg‘ulot uchun maydonlar ajoyib. Ushbu yig‘indan keyin Toshkentga qaytamiz va unda yana ikkita bosqich bo‘ladi. Mart boshida futbolchilarning holati va o‘yinlariga qarab yig‘inlar qanday o‘tganini ko‘rsak bo‘ladi. Ammo ayta olaman, yig‘inlar juda zo‘r o‘tmoqda.