“Lokomotiv” xorvatiyalik hujumchi bilan 1+1 ko‘rinishda shartnoma imzoladi

O‘z oldiga bir yil ichida Superligaga qaytish vazifasini qo‘ygan “Lokomotiv” legioner hujumchini qo‘shib olgani haqida xabar bergandik. Gap xorvatiyalik forvard Shime Jujul haqida ketmoqda.

Bugun 27 yoshli hujumchi “Lokomotiv” PFK ofisiga tashrif buyurib, 1+1 ko‘rinishdagi shartnomaga imzo chekdi. Ma’lumot uchun, Shime Jujul 1996-yil 10-yanvarda Xorvatiyaning Split shahrida tug‘ilgan. U mashhur “Xayduk” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Bo‘yi – 189 sm.

O‘tgan mavsumni Singapur chempionati vakili “Geylan” tarkibida o‘tkazgan hujumchi 29 o‘yinda maydonga tushib, 19ta gol urgan. Faoliyati mobaynida esa 153ta uchrashuvda ishtirok etib, 58 bor gol muallifi bo‘lgan.

Shime Jujulga “temiryo‘lchilar” safida omad va ko‘plab gollar tilab qolamiz.