Server Jeparov: “Jasur Jaloliddinov bilan alohida gaplashib olamiz”

Coca-Cola Superligasi, 21-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” – “Lokomotiv” (0:0) bahsidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Server Jeparov uchrashuvdagi omad, ligadagi maydonlar holati, Jasur Jaloliddinovning qizil kartochkasi haqida fikr bildirdi.

“Birinchi taymda ustunlikka erishdik, ammo ikkinchi taymda ko‘p energiya sarflab yubordik chog‘i, charchab qoldik. Futbolda omad ham kerak, busiz iloji yo‘q. Raqibning zarbasi darvoza ustuniga tegdi va bizni goldan saqlab qoldi”, – dedi “temiryo‘lchilar” ustozi.

“Nima uchun Superligada Toshkent va Toshkent viloyati jamoalari ko‘p? Bu savolga butun faoliyatim davomida futbol ichida yurgan inson sifatida javob bersam, bunga avvalo sport printsipi, infratuzilma kabi sabablarni ko‘rsatish mumkin.  Nukusdagi maydonlarda ham o‘ynaganman. U maydon hozir ham shunday. Avvalo, maydonlarni, infratuzilmani yaxshilashimiz lozim. Undan keyin jamoalar borasida gaplashish mumkin. Nima uchun biz Yaypanda o‘ynadik? Sababini barchamiz bilamiz”.

“Jasur ambitsiyasi kuchli futbolchi. Men ham yoshligimda shunday edim. Bugungi o‘yindan keyin u bilan gaplashib olamiz. Nima uchun qizil kartochka olganini ochig‘i, hozir bilmayman. Buni albatta muhokama qilamiz. Men doim futbolchilarga maydonda hakamlar bilan gaplashmaslikni tayinlayman. Bunga qarshiman.”