“Lokomotiv” tanishtiruv marosimini o‘tkazdi (ikkinchi qism)

Bugun “Lokomotiv” majlislar zalida yangi futbolchilarni tanishtiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning ikkinchi qismida jamoaga yangi kelib qo‘shilgan futbolchilar bilan savol-javob tashkil qilindi.

Muhammadanas Hasanov: – “Qo‘qon-1912” hamda Baxtiyor Ashurmatovga rahmat aytaman. Ushbu klub meni yaxshi futbolchi qilib tarbiyaladi va raqobatbardosh saviyaga olib chiqdi. Endi esa “Lokomotiv” bilan yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib, yuqori o‘rinlar uchun kurashishni istayman. Klub rahbarlari, murabbiylar bilan bu borada gaplashganmiz. Birinchi turda mag‘lub bo‘lgandirmiz, ammo oldinda yana 25 o‘yin bor. Bunda qattiq harakat qilib, g‘alabalar orqali barchani xursand qilishni istaymiz.

img_1016

– Baxtiyor Ashurmatov intervyuda Muhammadanas Hasanovning ketganini keyin bilganmiz degandi. Aslida vaziyat qanday bo‘lgan?
– Ha, “Qo‘qon-1912” bilan xayrlashmay ketganman. Reglament bo‘yicha shartnoma yakunlanishiga 6 oy qolganida futbolchi boshqa klub bilan muzokaralar olib borishi mumkin. Reglament bo‘yicha haqqim bor edi va o‘zimni boshqa jamoada sinab ko‘rishni istadim.

Shu o‘rinda Baxtiyor Ashurmatovga “Qo‘qon-1912″dagi faoliyatim uchun rahmat aytaman. U insondan ko‘p narsalarni o‘rgandim.

Alisher Salimov: – “Lokomotiv” O‘zbekiston chempionatida o‘z o‘rniga ega klublardan biri. Jamoa bilan ushbu mavsum yaxshi natijaga erishib, kelasi mavsum OCHLda qatnashishni istayman.

img_1009

– Umuman olganda “Lokomotiv”da tarkibning yosharishi qanchalik darajada muvaffaqiyatli kechishi mumkin?
– Yosh futbolchilar o‘yin amaliyotiga va tajribaga ega. Ular ham maydonda qo‘ldan kelgancha harakat qilib, borini berib o‘ynashadi. Boshida qiynalishimiz mumkin, keyinchalik bir jamoa bo‘lib shakllanib olgandan keyin barchaga boshog‘riq bo‘lamiz.

Ma’ruf Jumayev: – “Lokomotiv” O‘zbekistonning top-klublaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizdagi ko‘plab futbolchilar bu jamoada o‘ynashni istaydi. Biroq bu juda qiyin. Bunday sharafga ega bo‘layotganimdan xursandman.
Jamoaga keladigan bo‘lsak, ushbu mavsumda yuqori natijalar va ko‘proq g‘alabalar qayd etmoqchimiz. Bor kuchim bilan o‘ynashga tayyorman.

img_1028

– Pro-ligadan Superligaga o‘tdingiz. O‘rtadagi saviya qanday?
– Saviya juda katta. Shu sababli men ham bor kuchim bilan harakatlanib, darajamni oshirishga intilaman.

Jamoaga moslashish yaxshi kechmoqda. Futbolchilar juda yaxshi, ular bilan tezda chiqib ketdim.

Rustam Nartadjiyev: – “Lokomotiv”da 2014 yildan buyon borman. Shu yerning tarbiyalanuvchisi hisoblanaman. Bu yerga qaytish imkoniyati bo‘lganida bundan foydalandim va tezda rozilik berdim. To‘labek Akramov aytganidek, “Lokomotiv” o‘z oldiga doim yuqori vazifalarni qo‘yadi. Shu sababli yuqori o‘rinlarni olishga harakat qilamiz.

img_1001

– Siz ko‘p bora boshqa jamoaga ijaraga berilgansiz. Futbolchi sifatida boshqa jamoaga ijaraga ketishdagi hissiyot qanday bo‘ladi?
– Men o‘zimni hech qachon “Lokomotiv”ga kerak emas deb hisoblamaganman. Shunchaki boshqa jamoaga borib, ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish orqali yuqori darajaga chiqishni istaganman. O‘shanda “Lokomotiv”da Ignatiy Nesterov, Ma’mur Ikromov kabi tajribali darvozabonlar bo‘lardi. Ular paytida menda imkoniyat past bo‘lishini tushunardim.

Murabbiylar bilan doimiy muloqotda bo‘lganman va ular menga shunday takliflarni berib turishgan. Ammo shu paytgacha o‘zimni “Loko” uchun keraksiz deb hisoblamaganman.

Jerom Etame: – O‘tgan mavsumda Superligani kuzatdim va o‘shandayoq “Lokomotiv”da o‘ynashni istagandim. Mana niyatimga yetishdim. Ushbu mavsumda g‘alabalar ko‘proq bo‘lishiga va yaxshi o‘yinlar namoyish etishga va’da beraman.

– To‘labek Akramov Siz kelishingizdan oldin bizga qarab: “Jamoaga Temmi Abraham kelyapti?”, degandi.
– Men Neymar kabi bo‘lishni istayman. U menga qo‘ng‘iroq qildi va sen menga keraksan dedi. Men esa iloji yo‘qligini, “Lokomotiv”ga o‘tganimni aytdim (kuladi). Doimo o‘z oldingizga yuqori maqsad qo‘yishingiz kerak.

img_1040

– Jamoaga moslashish qanday kechdi?
– Bu yerdagi tizim “Liverpul”, “Manchester Siti”, “Barselona” kabi. Bu yerda ham faqatgina hujumga o‘tish kerak. Bu esa menga yoqmoqda. Ushbu mavsumda gol urish borasida biror va’da bera olmayman. Biroq qo‘ldan kelgancha ko‘proq gol urishga harakat qilaman.