🚂 “Lokomotiv” 20 yoshda, barcha “temiryo‘lchilar”ga yubiley muborak!

Bundan 20 yil muqaddam, 2002-yilning 14-fevral kuni “Lokomotiv” futbol klubiga asos solingan edi.

20-yosh

Ya’ni 14-fevral kuni klub tashkil etilgani to‘g‘risida Nizom tasdiqlangan va oradan bir kun o‘tib 15-fevralda 234-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgandi. Shundan beri mana 20 yildirki “Lokomotiv” futbol klubi O‘zbekiston futbolida faoliyat yuritib kelmoqda. Bilasizmi, avvaliga klub “Davr-Lokomotiv” nomi ostida Toshkent shahar ikkinchi ligasida o‘yinlarni o‘tkazgan. Biroq oradan ko‘p o‘tmay klub rahbariyati “Davr-Lokomotiv”ni “Lokomotiv”ga o‘zgartirishni lozim topgan va shundan beri klub nomi o‘zgarishsiz kelmoqda.

🏆 Yutuqlar

O‘tgan 20 yil ichida “Lokomotiv” bir nechta sovrinlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bir boshdan boshlaydigan bo‘lsak: 2016, 2017, 2018-yillarda jamoa ketma-ket uch marta O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Shuningdek, vise-chempionlik ham uch bor qo‘lga kiritilgan: 2013, 2014 va 2015-yillarda “temiryo‘lchilar” ikkinchi o‘rin bilan kifoyalangandi. 2012-yilgi chempionatda esa “Lokomotiv” bironza medallarga sazovor chiqqan.

uff_9505

O‘zbekiston Kubogidagi yutuqlar ham uchtani tashkil etadi – 2014 yil Olmaliqda bo‘lib o‘tgan finalda “Loko” “Bunyodkor”ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor “billur sovrin” sohibi bo‘lgandi. 2016 yilda jamoa Samarqandda “Nasaf”dan ustun kelib, yana Kubok sohibi bo‘ladi. Oradan bir yil o‘tib esa Toshkentda “Bunyodkor” mag‘lub etiladi va “Loko” uchinchi bor mamlakat Kubogini baland ko‘taradi. Mana shu final OFK prezidenti Shayx Salmon bin Xalifaning tashrif etgani bilan ham yodda qolgan. 2015 va 2019 yillarda esa “Lokomotiv” O‘zbekiston Superkubogi sohibi bo‘lgan.

⚽️ Osiyo chempionlar ligasidagi ishtirok

“Lokomotiv” faoliyatida Osiyo chempionlar ligasi ham muhim o‘rin tutadi. Xususan jamoa ketma-ket besh yil OCHL guruh bosqichida o‘ynagan va bu 2015-2019-yillarni o‘z ichiga oladi. Lekin “temiryo‘lchilar” faoliyatida 2016-yilgi mavsum alohida ahamiyat kasb etadi. O‘shanda “Loko” guruhdan chiqibgina qolmay, musobaqaning chorak finaliga qadar yetib borgandi.

123_4670

2016-yilgi Osiyo chempionlar ligasini yodga oladigan bo‘lsak, jamoamiz guruh bosqichida Saudiya Arabistonining eng nomdor klublaridan biri “Al Ittihod”ni mag‘lub etib, nimchorak finalda kimsan “Al Hilol”dan ustun kelgandi. Va faqatgina chorak finalda “temiryo‘lchilar”dan biroz omad yuz o‘girib, BAAning “Al Ayn” klubiga kichik hisobda imkoniyatni boy berganmiz.

🔙 Buyuk qaytish

Albatta, klub tarixida omadsiz mavsumlar ham bo‘lgan, chunki sportda g‘alaba va mag‘lubiyat ko‘pincha yonma-yon yuradi deyishadi va bundan qochishning imkoni yo‘q. Bugun siz cho‘qqida bo‘lsangiz, ertaga pastda bo‘lib qolishingiz mumkin. Xususan 2010-yilgi mavsum ham “Lokomotiv” uchun muvaffaqiyatsiz kelib, jamoa oliy ligadan birinchi ligaga tushib ketgandi.

caa_8688

Lekin bu omadsizlik uzoq cho‘zilmadi va jamoa bir yil ichida “temiryo‘lchilar” yana oliy ligaga qaytishga muvaffaq bo‘ldi. “Loko” qaytganda ham oddiy qaytmadi, balki kuchli jamoa bo‘lib, ya’ni chempionlikka kurashadigan jamoa sifatida katta sakrashni amalga oshirdi. Klubga futbolni astoydil sevuvchi rahbariyat va homiylarning jalb etilishi “Lokomotiv” uchun yangi tarix yozishga sabab bo‘ldi. Aynan shundan keyin jamoaning yutuqli mavsumlari ko‘rina boshladi.

🚂 Gvardiyachilar

O‘tgan 20 yil ichida “Loko” safida bir qancha yulduz futbolchilar to‘p tepishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan jamoamiz safida eng kp o‘tkazgan futbolchi Islom To‘xtaxo‘jayev hisoblanadi. U birgina oliy ligada 192ta bahsda “Loko” sharafini himoya qilgan. Shuningdek, Kaxi Maxaradze, Marat Bikmayev, Ignatiy Nesterov, Sadriddin Abdullayev, Temurxo‘ja Abduxoliqov, Marsel Idiatullin, Oleg Zoteyev, Sardor Mirzayev kabi futbolchilar ham “temiryo‘lchilar” safida maydonga tushish bo‘yicha rekordchilar hisoblanadi.

alm_8051

Jamoa tarixida eng ko‘p gol urgan hujumchi Marat Bikmayev bo‘lib, uning hisobida barcha musobaqalarda kiritilgan 72ta gol bor. Bu borada keyingi o‘rinni 67ta gol bilan Temurxo‘ja Abduxoliqov egallab turibdi. Bugungi kunda “Lokomotiv” futbol maktabida bolalar murabbiyi bo‘lib ishlab kelayotgan Marsel Idiatullin esa 52ta gol urgan.

alm_8086

Bundan tashqari “Loko” libosida eng ko‘p gol urgan funbolchilar orasida Farhod Tojiyev, Sanjar Shoahmedov, Sardor Mirzayev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Ivan Nagayev, Olim Navkarov va Zayniddin Tojiyevlar ham bor.

Maqolamiz so‘nggida “Lokomotiv” futbol klubini, jamoaga bee’tibor bo‘lmagan ishqibozlarni hamda barcha “temiryo‘lchilar”ni klubning 20 yillik to‘yi bilan muborakbod etib qolamiz. “Lokomotiv” doim olg‘a qadam bosishda davom etsin!