Jasurbek Yoqubov: “Lokomotiv” orqali Yevropaga yo‘l olmoqchiman”

“Lokomotiv”ning yangi futbolchisi Jasurbek Yoqubov o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Avvalo, “Lokomotiv”ga o‘tishingiz bilan tabriklaymiz.
– Rahmat. Ushbu mavsum yorqin o‘yinlar bilan muxlislar va klub rahbariyatini xursand qilishni istayman.
– Umuman olganda, “Lokomotiv”ga transferingiz qay tariqa amalga oshdi?
– Rifatxo‘ja Akramxo‘jayevning say’i-harakatlari bilan ushbu jamoa tarkibiga qo‘shildim. Aynan Rifat akaning faktori bu yerda muhim rol o‘ynadi. Ularga ham rahmat aytaman va ushbu mavsumdagi o‘yinlarim orqali u kishining yuzini yerga qaratmaslikni istayman.
– “Lokomotiv”da sizning pozisiyangizda raqobat juda katta. Bu sizni qanchalik darajada qo‘rqitadi?
– Raqobatdan umuman qo‘rqmayman. Shuningdek, “Loko”dagi raqobat ham meni qo‘rqitmayapti. Yangi jamoam bilan 3-4 kundan buyon birgaman. Ular bilan tezda chiqishib ketdim. Yana bir bor tabriklayman – raqobatdan qo‘rqmayman.
– “Qo‘qon-1912” va “Surxon”dagi faoliyatdan keyin “Lokomotiv”ga o‘tishni qay tariqa baholaysiz?
– “Surxon”da katta o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldim. Aynan shu orqali “Lokomotiv”ning nazariga tushdim desam bo‘ladi. Albatta, “Lokomotiv”ga o‘tganimni oldinga tashlangan katta qadam deb hisoblayman. Bu klubda bo‘lishning o‘zi katta mas’uliyat. Futbolchidan katta javobgarlikni talab qiladi. Bundan buyog‘iga faqatgina oldinga intilaman.
– “Lokomotiv”ga o‘tish orqali o‘z oldingizga qanday maqsadlar qo‘ydingiz?
– Sir emaski, “Lokomotiv” barchaning e’tiborida. Ushbu jamoa orqali milliy termada o‘ynashni istayman. Balki, nasib qilsa, Yevropaga yo‘l olib, legioner sifatida o‘ynamoqchiman. Albatta, niyatni yaxshi qilaverish kerak. Oldimizda katta mavsum kutib turibdi. Umid qilamanki, unda biz o‘zimiz kutgan vazifalarni bajara olamiz.