Boburbek Ergashev: “Futzalni yuqori saviyali futzalchilar o’ynaydi”

Bugun futzal bo’yicha mamlakat chempionatining 5-turi 1-kuni doirasida “Lokomotiv” futzal jamoasi “Nasaf”ga qarshi bahs olib bordi.

Ushbu uchrashuvda ikkita gol urgan futzalchimiz Boburbek Ergashev ikkita gol urdi. Fursatdan foydalanib, uning fikrlari bilan qiziqdik.

– Bugungi o‘yin haqida nimalar deya olasiz. “Nasaf” jamoamizni biroz qiynab qo‘ydi.
– Avvalambor, barchani g’alaba bilan tabriklayman. Garchi, o’tgan safargi bahsda oson g’alabaga erishgan bo’lsakda, “Nasaf” bilan bugungi o’yin qiyin o’tishini bilardik. Ha, boshida qiynaldik, vaziyatlarimizni ura olmay, gollar o’tkazib yubordik. Keyinchalik o’zimizga kelib oldik, xarakter ko’rsatib, g’alabani qo’lga kiritdik.

– Balki o’yinning qiyin o’tishiga asosiy tarkibning ayrim futbolchilarining yo’qligi ham sabab bo’lgandur?
– Ha, ularsiz o’yin qiyinroq o’tdi. Ammo asosiysi o’yinni yutib oldik.

– Ertaga AGMKga qarshi o’yin. Kayfiyatlar qanday?
– Ajoyib! Bugungi o’yindagi g’alaba va uch ochko kayfiyatni ko’tarib yubordi. Tarkibda yo’qotishlar bor. Bugungidek o’yin ko’rsata olsak, AGMKni ham mag’lub etishimiz mumkin.

– Sir emaski, siz katta futbolda ham o‘ynagansiz. Nima uchun katta futbolga qaytmayapsiz?
– Futbolga qaytish niyatim bor. Ammo ayrim murabbiylar tomonidan ishonch yetishmayapti. Futzalda o’ynadi, uning saviyasi past deyishga shoshilmang. Futzalni yuqori saviyali futzalchilar o’ynaydi.