Alisher Salimov: “Lokomotiv” orqali terma jamoada o‘ynash niyatim bor”

“Lokomotiv”ning yangi futbolchisi Alisher Salimov o‘zining fikrlarini bildirib o‘tdi.
– “Lokomotiv”ga o‘tish jarayoni borasida gapirsangiz.
– Mavsum tugashiga 3-4 tur qolganida bir necha jamoalardan takliflar tushgandi. Ammo “Lokomotiv”ning taklifini ko‘rib, birdaniga rozilik berdim. “Lokomotiv” so‘nggi yillarda o‘zbek futbolida yetakchi brendlardan biriga aylanib bo‘ldi. Shuningdek, doimo o‘z oldiga yuqori maqsadlarni, doimiy g‘alabalarni vazifa etib belgilaydi. Shuningdek, terma jamoada o‘ynash uchun “Lokomotiv”ni tanladim, deya olaman.

– Yangi jamoadoshlaringiz bilan qanchalik darajada tanishsiz? Yaqindagina o‘tgan mavsumda “Surxon”da o‘ynagan posbon Rustam Nartadjiyevning transferini e’lon qildik.
– Umuman olganda tarkibning katta qismi bilan yaqin tanishman. Shuningdek, ayrim futbolchilar bilan turli termalar tarkibida birga o‘ynaganmiz. Ular bilan chiqishib ketish qiyin bo‘lmaydi. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.

– “Lokomotiv”da barcha chiziqlarda raqobat juda katta.
– Aynan shuning uchun bu yerga keldim. Raqobat orqali o‘zimning darajamni oshirib, terma jamoa tarkibida o‘ynamoqchiman. Doimo raqobatga tayyorman.

– Yangi mavsum oldidan niyatlar qanday?
– “Lokomotiv” bilan sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, xalqaro maydonlarda o‘ynashni istayman.