Rustam Nartadjiyev: “Lokomotiv” bilan sovrinli o’rinlarni olmoqchiman”

“Lokomotiv”ga qaytgan darvozabon Rustam Nartadjiyev o’z fikrlarini bildirib o’tdi.

– Rustam, “Lokomotiv”ga qaytganingiz muborak.
– Rahmat.

– “Loko”ga qaytishingiz qay tariqa amalga oshdi?
– “Surxon” bilan shartnomam yakuniga yetgandi. Shu sababli “Lokomotiv” rahbariyati men bilan bog’landi va jonajon jamoamga qaytishni taklif qilishdi. Bu taklifni bajonidil qabul qildim.

– “Surxon”dan qanchalik minnatdorsiz? O’tgan mavsum ikkinchi davrada jamoaning asosiy qutqaruvchisi va ta’bir joiz bo’lsa jamoaning Superligada qolishida asosiy rol o’ynadingiz.
– “Surxon” rahbariyatidan cheksiz minnatdorman. U yerdagi jamoadoshlar bilan ishlash, mashg’ulot qilish menda o’zgacha taassurot qoldirgan. O’tgan mavsum “Surxon” uchun omadli o’tdi deya olaman, Chunki klub qo’ygan vazifa bajarildi desa ham bo’ladi. O’z navbatida menga ishonch bildirgan murabbiylar shtabiga ham rahmat aytaman. Ular menga yaxshi taraflarimni ko’rsatish uchun katta imkoniyat berishdi.

– Ayni damda Abdumavlon Abdujalilov hamda yosh posbonimiz Shohruh Isoqov asosiy tarkibdagi darvozabonlarimiz hisoblanishadi. Raqobat jamoada qanchalik muhim dib hisoblaysiz?
– Abdumavlon Abdujalilovni yaxshi taniyman. U yaxshi darvozabon. U Superligada juda ko’p o’yinlarda maydonga tushdi va juda katta o’yin amaliyotiga, tajribaga ega. Ammo “Lokomotiv”ga zaxirada o’tirish uchun qaytmadim (demak, Abdumavlon Abdujalilov ham raqobatga tayyor turishi kerak). Raqobat esa doimo bo’lishi shart, futbolchi shu orqali o’sadi. Doimo kuchlilar bilan raqobatda bo’lish orqaligina eng yaxshisi bo’lish mumkin.

– Ushbu mavsumda o’z oldingizga qanaqa maqsadlar qo’ygansiz?
– “Lokomotiv” bilan sovrinli o’rinlarni olmoqchiman. Oldimizda butun bir mavsum kutib turibdi. Eng avvalo chiroyli o’yin ko’rsatishimiz kerak.